18:40 / 28.11.2019
1
36490

«Tolibon ham afg‘on jamiyatining bir bo‘lagi» – prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili bilan suhbat

Bugungi suhbatdoshimiz O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev bo‘ldi.

Ma'lumot uchun: Ismatulla Raimovich Ergashev, 1960 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, diplomat, mutaxassiligi bo‘yicha sharqshunos-filolog. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, O‘zbekistonning Xitoy, Ozarboyjon kabi davlatlardagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat yuritgan.

– Ismatulla aka, tarjimai holingizga nazar tashlasak, umringizning 40 yildan ortig‘ini aynan Afg‘onistonni o‘rganishga, shu davlat muammolarini yechishga sarflaganingizni ko‘rishimiz mumkin. Aytingchi, kechagi Afg‘oniston bilan bugungisining farqi nimada?

– Bu savol, ya'ni Afg‘onistondagi vaziyat mushtariylarni, bizning xalqimiznigina emas, balki butun dunyo hamjamiyatni o‘ylantirayotgan eng katta muammolardan biridir. Chunki bu davlatdagi holatning mintaqaviy, global miqyosdagi ta'siri juda kuchli. Vaziyat murakkab, zo‘ravonlik, ziddiyat, harbiy harakatlar davom etmoqda, millionlab afg‘onlar muhojir, o‘z davlati ichida ham qochqin bo‘lishga majbur. Bu kulfat avvalombor o‘sha jafokash afg‘on xalqiga musibatdir. Lekin shuncha yillik urushlarga qaramay afg‘on xalqi tinchlik va osoyishtalik o‘rnatishga bo‘lgan umidini uzmagan.

Yaqinda Afg‘oniston mustaqilligining 100 yilligi nishonlangani shohidi bo‘ldik. Bu bayramda o‘zbek va afg‘on xalqlari yondosh-jondoshligini yana bir bor his qildik. Chunki bu ikki xalq asrlar davomida Amudaryoning ikki sohilida yashab, bir-birlariga chambarchas bog‘lanib ketgan. Mushtarak dinimiz, tilimiz, urf-odatlarimiz, tariximiz, buyuk ajdodlarimiz xalqlarimizni birlashtirib turadi. So‘nggi 18 yilda davom etayotgan urush davrida ham o‘z orzu-umidini yo‘qotmagan afg‘on xalqi shu qiyin holatda ham o‘z davlatchiligini tuzmoqda, o‘z qonunchiligini yaratmoqda.

Afg‘onistonliklar yaqinda prezident saylovlarini o‘tkazishdi. To‘g‘ri, saylovlar to‘laqonli, xalq istaganidek bo‘lmadi, notinchliklar soya solib turdi, ko‘pchilik saylovlarda qatnasha olmadi. Ammo shunga qaramay 2 milliondan ortiq kishi bu saylovda ishtirok etdi. Biz afg‘on xalqining tanlovini chuqur hurmat qilgan holda hozirgi va kelajakda keladigan hukumat bilan ham do‘stona munosabatlarni davom ettirish umididamiz.

Endi Afg‘onistondagi vaziyatning bizga ta'siri qandayligiga to‘xtalsak. Prezidentimiz aytganidek «Afg‘oniston xavfsizligi bu – O‘zbekiston xavfsizligi, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasining barqarorligi va farovonligi omilidir». Mana shu so‘zlarning o‘zi savolimizga javob bo‘la oladi.

– O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasi boshqa qo‘shnilar bilan solishtirganda eng kichigidir. Lekin negadir aynan O‘zbekiston Afg‘oniston muammosini ko‘proq ko‘tarayotganday taassurot o‘yg‘onadi.

– Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha butun xalqaro hamjamiyat jon kuydirmoqda. To‘g‘ri, Afg‘onistonning eng kichik chegaralari O‘zbekiston va Xitoy bilan. Ammo chindanam bu ikki davlat afg‘on muammosini hal qilishda eng faol davlatlar qatoriga kiradi. Albatta buning sababi bor. Yuqorida aytganimday mushtarakligimiz, ikkinchidan, mo‘ljallagan yirik islohotlarimizni amalga oshirishimiz uchun bizga avvalambor hududdagi tinchlik va barqarorlik kerak.

Aynan O‘zbekiston rahbariyatining Afg‘oniston muammosiga har qachongidan ham jiddiy e'tibor berayotganiga sabab Yaqin Sharqdagi notinchliklar, Afrika shimolidagi harbiy harakatlar asnosida afg‘on muammosi jahon siyosatidan chetga surilgandek bo‘ldi.

Shu bois prezidentimiz Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish bo‘yicha tashabbus bilan chiqdilar va bu g‘oya qo‘llab-quvvatlandi. 2018 yilning mart oyida yuqori darajadagi bu tadbir o‘tkazildi va uning yakunida «Toshkent deklaratsiyasi» qabul qilindi. Aynan Toshkent konferensiyasida Afg‘onistonda tinchlik jarayonini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mintaqaviy va global miqyosda konsensusga erishildi va xalqaro hamjamiyatning tinchlik muzokarlarini boshlashga qaratilgan xatti-harakatlari faollashdi.

Biz kundalik hayotimizga nazar solib, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik qanday qiymat evaziga ta'minlanayotganini idrok etishimiz lozim. Vaholanki, har qanday jamiyatda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish ulkan kuch va resurslarni talab qilari. Muhtaram prezidentimizning ichki va xalqaro siyosat kun tartiblarida xafsizlik masalalari alohida o‘rin eagallagani bejiz emas. Aynan shu voqelikdan kelib chiqib, biz Afg‘oniston muammosiga muhim ahamiyat qaratamiz va ushbu mamlakatga yordam ko‘rsatishga harakat qilamiz. Xalqimizda «qo‘shning tinch, sen tinch» degan gap ham bor.

– Siz «Tolibon» harakati bilan ham muzokaralar tashkil qilishda ishtirok etgan diplomatlardan birisiz. Keng jamoatchilikda bu harakat bo‘yicha urushdan o‘zga narsani bilmaydigan, hech qanday diplomatik munosabatlarni tushunmaydigan jangari bir guruh degan fikr shakllanib qolgan.

– Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent tinchlik konferensiyasidan keyin jahon hamjamiyatining bu muammoga e'tibori kuchaydi, shu jumladan «Tolibon» harakati bilan ham o‘zaro aloqalar o‘rnatishga, tinchlik muzokaralarini chorlashga kirishildi. Bu harakatning Dohadagi siyosiy vakolatxonasi bilan aloqa o‘rnatdik. Albatta, savolingiz o‘rinli, Afg‘onistonda 18 yildan beri davom etayotgan uzluksiz urush asosan shu harakat tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ammo davlatimiz rahbari bir gapni ta'kidladilar – «Tolibon» harakati ham Afg‘oniston jamiyatining bir qismi. Ular ham davlat kelajagi, tinchlik masalasidagi muzokaralarda ishtirok etishlari, o‘z ovoziga ega bo‘lishlari kerak».

Men sizga bir misol keltiraman – 2001 yili, Germaniyaning Bonn shahrida Afg‘oniston bo‘yicha tinchlik konferensiyasi o‘tkazilgan. Ana shu konferensiyada Afg‘onistondagi barcha siyosiy, ijtimoiy va etnik kuchlarning rahbarlari ishtirok etgan. Faqat bir siyosiy kuch – «Tolibon» harakatigina chetda qolib ketgan, ya'ni umuman taklif etilmagan. Ana shu xato tufayli 18 yildirki afg‘on xalqi jafo chekib kelmoqda.

Demak, biz Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatmoqchi bo‘lsak, bu davlatdagi barcha kuchlarni va afg‘on hukumatini tinchlik jarayoniga jalb qilishimiz kerak. Agar qaysidir guruh yoki kuch chetda qoladigan bo‘lsa, bu o‘z-o‘zidan urush harakatlari davomi etishini anglatadi.

Shuning uchun ham biz «Tolibon» bilan muloqot o‘rnatdik va ularni tinchlik muzokarlarida qatnashishga chaqirdik. O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyatning boshqa faol a'zolarining sa'y-harakatlari natijasida tinchlik muzokaralari boshlanib ketdi.     

Bu muzokaralarning o‘ziga xos yutug‘i sifatida aytish mumkinki, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod «Tolibon» harakati bilan 8 raundlik tinchlik muzokaralari o‘tkazdi. Ammo Kobuldagi kuchli portlashdan g‘arb askarlari halok bo‘lishi natijasida Donald Tramp bu muzokaralarni to‘xtatib qo‘ydi.

Ammo biz bu muzokaralar davom etishi tarafdorimiz. Chunki bu ikki taraf kelishib olganidan keyingina bevosita ichki afg‘onlar aro muzokaralarga yo‘l ochiladi.

Xulosa qilsak, kimgadir yoqish-yoqmasligidan qat'i nazar toliblar ham afg‘on jamiyatining bir qismi, shu davlat fuqarolari, ular ham mamlakat kelajagi, tinchligi bo‘yicha tadbirlarda qatnashishlari shart. Eng muhimi, ularsiz tinchlikni o‘rnatib bo‘lmaydi.

– Tabiiyki savolning mantiqiy davomi kelib chiqadi – «Tolibon» harakati bu muzokaralarni qanday qabul qilmoqda, qanday talab va takliflarni ilgari surmoqda?

– 2018 yil martdagi konferensiyadan keyin «Tolibon» harakati rahbariyati bilan uchrashganimizda meni hayron qoldirgan jihat ularning quyidagi so‘zlari bo‘ldi – «biz tinchlik tarafdorimiz. Yurtimizdagi urushlardan biz ham charchaganmiz, qon to‘kilishini to‘xtatish niyatimiz bor. Shu bilan birga bizning eng asosiy talabimiz mamlakatimiz hududidan xorijiy harbiy kuchlar chiqib ketishi».

«Tolibon» rahbariyati vakillari O‘zbekistonga nisbatan juda yaxshi munosabatda ekanliklari, yaxshi ko‘z bilan nazar tashlashlari haqida gapirishgandi. «Chunki biz bilamizki, O‘zbekiston Afg‘onistonda juda katta iqtisodiy loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu loyihalar afg‘on hukumatiga, yoki qaysidir kuchlar uchun emas, aynan afg‘on xalqi uchun xizmat qilmoqda. Xalqimiz tinchligi uchun zamin yaratmoqda. Ya'ni biz O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha olib borayotgan siyosatini to‘laqonli qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo biz sizlardan biroz xafamiz, nega «Toshkent konferensiyasi»dek yirik tadbirga bizni taklif qilmadinglar. Biz tadbir bilan sizlarni tabriklaymiz va uni diqqat bilan kuzatib bordik», deyishgandi ular. Bu ham O‘zbekiston olib borayotgan siyosat diqqat markazida turganidan dalolat beradi.

Abror Zohidov suhbatlashdi,
tasvirchi Doniyor Yakubov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top