12:14 / 28.11.2019
0
5508

Toshkent davlat stomatologiya instituti Qoraqalpog‘istonning ko‘plab hududlarida chuqurlashtirilgan stomatologik ko‘riklar o‘tkazdi

19-26 noyabr kunlari Toshkent davlat stomatologiya instituti va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida “Bor mehrimiz shu xalq uchun, shu Vatan uchun!” shiori ostida xayriya haftaligi tashkil etildi. Unda Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq, Taxiatosh, Qorao‘zak, Nukus va boshqa hududlarida chuqurlashtirilgan stomatologik ko‘riklar o‘tkazildi.

Tish kasalliklarining statistik ko‘rsatkichlarini o‘rganish, surunkali bemorlarni klinik ko‘rikdan o‘tkazish, tish kasalliklarining oldini olish, aholining tibbiy savodxonligini oshirish maqsadida tashkil etilgan ushbu xayriya tadbirida mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda mazkur institutning yigirmadan ortiq tajribali mutaxassislari (terapevtik stomatologiya, bolalar stomatologiyasi, ortodontiya, jarrohlik stomatologiyasi) ham ishtirok etdi.

Tadbir jarayonida epidemiologik holat to‘g‘risidagi ma'lumotlar natijalari, xususan, aholi o‘rtasida tish patologiyasining tarqalish darajasi, mintaqaning iqlim va geografik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda stomatologik xizmatni tashkil etish, boshqarish va faoliyatini tizimli tahlil qilish, stomatologik yordam ko‘rsatishni yaxshilash modellari uchun tavsiyalar ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, xayriya tadbiri doirasida tishlar va parodont kasalliklarining birlamchi profilaktikasi, shuningdek, bolalar, o‘spirinlar, homilador ayollar va barcha aholi qatlami o‘rtasida tishlar va og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatining sanitariya-gigiyena tadbirlarini keng miqyosda amalga oshirish uchun o‘quv seminarlari va mahorat darslari o‘tkazildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top