19:50 / 29.11.2019
3
34561

Erdo‘g‘an Makronga: Sen avval o‘zingning miyangni tekshirtir

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an fransiyalik hamkasbi Emmanuel Makronga NATO haqidagi so‘zlari uchun miyasini “o‘lgan-o‘lmaganlikka” tekshirtirishni tavsiya qildi.

Avvalroq Makron The Economist jurnaliga intervyusida NATO alyans ichida muvofiqlikni yo‘qotganini va buni “miyaning o‘lishi” deb ta'riflash mumkinligini aytgandi. Fransiya prezidentining aytishicha, alyansda AQSh va NATOga a'zo boshqa davlatlar o‘rtasida strategik qarorlar bo‘yicha o‘zaro muvofiqlik yo‘q. Keyinroq Germaniya kansleri Angela Merkel va NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Makronning bunday keskin fikrlariga qo‘shilmasliklarini aytishgan. 

“NATO Fransiya uchun nimani anglatishini bilmayman-u, biroq Turkiya NATO uchun muhim davlat hisoblanadi. Makron NATO miyasi o‘lganini aytdi. Hurmatli Makron, sen avval o‘zingning miyangni tekshirtir, chunki bunday fikrlar miyasi o‘lganlarga xosdir”, deb aytgan Erdo‘g‘an.  

Turkiya prezidentining ta'kidlashicha, Makronda terrorchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tajriba yo‘q. 

“Aynan shu sababli, “sariq jiletlar” Fransiyani bosib oldi. Turkiyani NATOdan haydaydilarmi-yo‘qmi, seni nima ishing bor? Bunday qarorlarni sen qabul qilasanmi? Qancha xohlasangiz, shuncha sakrayvering, biroq Turkiya suverenitetini baribir hurmat qilishingizga to‘g‘ri keladi”, deb aytgan Turkiya prezidenti. 

U Turkiya xavfsizligi Yevropa xavfsizligini anglatishini qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top