23:05 / 29.11.2019
0
16616

Moliya vazirligi davlat tashqi qarziga chegara qo‘yilishining sababini ma'lum qildi

2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi va uning kafolati bilan imzolanadigan tashqi qarz shartnomalarining jami miqdori va tashqi qarz hisobiga amalga oshiriladigan davlat dasturlari xarajatlari miqdori cheklanmoqda. Bu haqda Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov ma'lum qildi. 

29 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi oldidan parlament yuqori palatasining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasida o‘tkazilgan yig‘ilishda «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi. 

Ahadbek Haydarov 2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi va uning kafolati bilan imzolanadigan tashqi qarz shartnomalarining jami miqdori va tashqi qarz hisobiga amalga oshiriladigan davlat dasturlari xarajatlari miqdori cheklanayotganini aytib o‘tdi.

«Buning asosiy maqsadi nimadan iborat? Yangi tashqi qarz jalb qilinmagan holatda shu kungacha imzolangan shartnomalar bo‘yicha mablag‘lar o‘zlashtirilishi natijasida davlat tashqi qarzi 2019 yil davomida 1,5 barobarga oshib, yil yakunida 15,3 mlrd dollar, YaIMga nisbatan 25,4 foizni tashkil qiladi. 

Xalqaro ekspertlar bilan ishladik. Davlat qarzining xavfsiz darajasi YaIMga nisbatan 50 foiz bo‘lishi kerak. Shundan kelib hisob-kitob qildik. 

Tashqi qarzni jalb etish bo‘yicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan miqdori 4 mlrd AQSh dollari. Bu faqat hukumat tomonidan va hukumat kafolati ostida jalb qilingan kreditlar bo‘yicha.

Buning asosiy maqsadi – davlat budjeti defitsitini kelgusi yillarda bosqichma-bosqich pasaytirish.

Agar tashqi qarzni jalb qilishga chegara qo‘ymasak, budjet defitsitimiz bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra kelgusi yilda 3 foizdan ham oshib ketishi mumkin.

Keyingi yilda [budjet defitsitini] 2 foizgacha, 2022 yilga kelib 1,5 foizgacha tushirish rejalashtirilgan», - deya Moliya vaziri o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top