00:37 / 30.11.2019
0
33070

Afg‘onistonga safari oldidan Trampning telefoni olib qo‘yildi

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Afg‘onistonga maxfiy tashrifi oldidan o‘z telefoni va Twitter’ga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi, deb xabar berdi Politico nashri.
Tramp kuni kecha Afg‘onistonga e'lon qilinmagan tashrif bilan keldi va amerikalik harbiylar bilan uchrashdi.

"Mobil telefonlar, ulanish nuqtalari va signal tarqatuvchi boshqa qurilmalar "birinchi raqamli bort"da bo‘lgan barchadan, hattoki prezidentdan ham olib qo‘yildi", - deb yozadi Politico.
Tramp prezidentlikka saylangan kunidan boshlab maxsus xizmatlarning e'tiroziga qaramasdan shaxsiy telefonidan foydalanish niyatidan voz kechmagandi. Maxsus xizmatlar Trampdan avvalgi prezident Barak Obamaga faqatgina prezidentlik davrining oxirida telefondan foydalanishga ruxsat bergan, o‘shanda ham aksariyat funksiyalar, jumladan Wi-Fi va geopozitsiyani o‘chirib qo‘ygandi.

Bundan tashqari, Tramp o‘zi dam olayotgan Floridadan maxfiy ravishda Vashingtonga olib ketilgan, u yerdan esa Afg‘onistonga yo‘l olgan. Niqoblanish maqsadida Trampning samolyoti Floridada qolgan, prezident Vashingtonga harbiy-transport samolyotida uchib ketgan, so‘ngra boshqa laynerda Afg‘onistonga parvoz qilgan.

Xabar qilinishicha, Trampga hamrohlik qilgan jurnalistlar samolyot Afg‘onistonga qo‘nguniga qadar qayerga ketishayotgani haqida xabardor qilinmagan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top