13:51 / 30.11.2019
6
21181

Iqtisodiyot va sanoat vaziri: iste'mol savatchasiga taxminan 50ta oziq-ovqat mahsuloti kiritilishi mumkin

Botir Xo‘jayev / Foto: KUN.UZ

Senator Odiljon Iminov Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida iqtisodiyot va sanoat vaziridan hududlarda iste'mol savatchasi va yashash darajasining minimumi qancha miqdorda belgilanganiga oydinlik kiritishni so‘radi.

Vazir Botir Xo‘jayevning aytishicha, iste'mol savatchasi hajmini aniqlash va uning asosida yashash darajasining minimumini belgilash yuzasidan tegishli metodologiya ishlab chiqilgan. Hozir ushbu metodologiya test rejimida bir qator viloyatlarda, xususan, Farg‘ona, Toshkentda test rejimida amalga oshirilmoqda. Test rejimi pensionerlar, bolalar, ishlayotgan fuqarolar kesimida olib borilmoqda.

“Metodologiya jihatidan gapiradigan bo‘lsak, bu yerda 4ta narsaga e'tibor berganmiz. Birinchisi, iste'mol savatchasining tarkibini shakllantirish. Bu taxminan 50ta oziq-ovqat mahsulotidan iborat. Ikkinchisi, hududlar kesimida iste'mol savatchasining tarkibini, hajmini aniqlash. Ko‘pchilikka sir emaski, hududlar kesimida oziq-ovqat iste'mol qilish darajasi har xil. Metodologiyaga kiritilgan uchinchi masala - aholining tabaqasiga qarab turib oziq-ovqat mahsulotlari iste'moli ham inobatga olingan. Mana, misol uchun, JSSTning tavsiyalari bo‘yicha va mamlakatimizda ishlab chiqilgan, kuniga ishlatiladigan oziq-ovqat me'yorlari nazarda tutilgan. Biz faqat xalqaro me'yorlardan kelib chiqmayapmiz, aholimizning asrlar davomida shakllangan an'analari, iste'mol talablari ham inobatga olinyapti”, deya Botir Xo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Botir Xo‘jayev hozircha bu raqamlar Farg‘ona va Toshkent viloyatiga tegishli ekani, buni aholining har bir tabaqasi o‘zi uchun qabul qilmasligi kerakligini ta'kidladi.

Vazir, shuningdek, eksperiment natijalari nima uchun e'lon qilinmayotganiga to‘xtalib o‘tdi.

“Bu jarayon Vazirlar Mahkamasining kelishuvi bo‘yicha 2019 yildan boshlab amalga oshirilyapti. Ya'ni, biz 2018 yilda topshiriq bo‘lgandan keyin metodologiyani ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritganmiz va 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab bu jarayon ketyapti. Natijalar har chorak yakuni bo‘yicha aniqlanyapti. Bitta narsani ta'kidlab o‘tish kerakki, bu xalqaro tajribada barcha mamlakatlarda qo‘llanilayotgan metodika emas. Bu asosan MDHga a'zo ayrim davlatlar, misol uchun, Qozog‘iston, Rossiya va bir qator mamlakatlarda qo‘llanayotgan tajriba hisoblanadi. Rossiya tajribasini oladigan bo‘lsak, yashash minimumini aniqlash va eng kam oylik miqdorini belgilashga 10 yil ketgan. Bizda ham ikkita ko‘rsatkichni muvozanatga keltirishga bir necha yil ketadi. Umuman, iste'mol savatchasi va yashash darajasi minimumi bir-biri bilan bog‘langan. Hozir ba'zi bir internet sahifalarida iste'mol savatchasi va yashash minimumini belgilash bo‘yicha alohida qonun qabul qilinishi to‘g‘risida taklif kiritilyapti. Ayni paytda bunday qonun qabul qilinishi kerakmi yoki yo‘qmi, buning ustida izlanyapmiz. Avval iste'mol savatchasi aniqlanadi va uning asosida yashash minimumi belgilanadi. Test rejimidan maqsad - sinalayotgan metodologiyani epaqaga keltirish”, deydi Botir Xo‘jayev.

Iqtisodiyot va sanoat vazirining so‘zlariga ko‘ra, iste'mol savatchasi va yashash minimumini belgilashda inflatsiya ko‘rsatkichlari ham hisobga olinishi, shu sababli vazirlik hozircha bir to‘xtamga kelishdan tiyilayotgani, test natijalari yakunlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga hisobot berilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top