00:57 / 30.11.2019
0
12148

Nazarboyev Markaziy Osiyo kunini ta'sis etishni taklif qildi

Foto: Elbasy.kz

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkentda o‘tgan ikkinchi Maslahatlashuv uchrashuvida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga bunday yuqori darajadagi tadbirda ishtirok etishga taklif qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Nazarboyev o‘z nutqida 2018 yilda Qozog‘iston poytaxtida boshlangan muloqot Markaziy Osiyo tarixida yangi sahifa ochganini qayd qilib o‘tgan.

“U hamkorligimizning ko‘rinishini tubdan o‘zgartirdi. Muloqot 5 ta davlatga do‘stligimiz asrlar osha yashashiga ishora berdi. Barcha darajalarda aloqalarni faollashtirishga start berildi”, deb aytgan Nazarboyev. 

E'tiborlisi, Elbasi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlariga 15 mart kuni yangi bayram – Markaziy Osiyo kunini ta'sis etishni taklif qildi.

Shuningdek, Nazarboyev mintaqada xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida 2020 yilda Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvini o‘tkazishni taklif qildi. 

Shu bilan birga Qozog‘istonning birinchi prezidenti demografik rivojlanish yuqori dinamikasi bilan bog‘liq muammolarga e'tibor qaratishga chaqirdi.

“Tovarlar, xizmatlar va kapitalning ko‘chishiga to‘siqlarni olish hisobiga “to‘siqlarsiz Markaziy Osiyo”ga erishish zarur”, deb qo‘shimcha qilgan Elbasi.

Yig‘ilish yakunida Nursulton Nazarboyevga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvi faxriy raisi maqomi berildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top