08:58 / 30.11.2019
4
11399

O‘zbekistonda yoshlar parlamenti tuzilishi mumkin

Foto: KUN.UZ

2020 yilda O‘zbekistonda yoshlar parlamenti tuzilishi mumkin. Yoshlar parlamenti a'zolari yoshlarga daxldor qonunlar tayyorlanishi, takomillashtirilishida senatorlar bilan birga ishtirok etadi. Ushbu jarayonda ularning fikrlari inobatga olinadi.

Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva “O‘zbekiston” anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tgan “XXI asrda gender va yoshlar masalalarida sheriklikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forumda ma'lum qildi.

– Bugungi kunda respublikamizda aholining 60 foizini tashkil etadigan yoshlar manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, ularning salohiyati va iqtidorini ro‘yobga chiqarish borasida ham muhim islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Senat raisi T.Norboyeva. – Prezidentimiz tomonidan 2016 yil sentabr oyida birinchi bo‘lib “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunning imzolanganligi, 40 ga yaqin me'yoriy-huquqiy hujjatlarning qabul qilinganligi yurtimizda yoshlar masalasi muhim ahamiyat berilayotganini yaqqol ko‘rsatadi. 2017 yilda Prezidentimizning tashabbuslari bilan Yoshlar ittifoqi tashkil etildi, bu esa butun O‘zbekiston yoshlarini bir g‘oya atrofida birlashtirish uchun qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi.

Bugungi globallashuv davrida yoshlar va xotin-qizlarni ekstremistik g‘oyalar ta'siridan, zo‘ravonlik qurboni va odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlardan himoya qilish – har bir davlat oldida turgan dolzarb vazifa hisoblanadi. Bu kabi salbiy holatlarning kelib chiqishiga mehnat migratsiyasi masalasi asosiy omillardan biri bo‘lmoqda. 

Mazkur muammolarni hal etishda hech qaysi davlat yakka holda samarali natijalarga erisha olmaydi. Shu bois ularga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va birgalikda ishlash zarur. O‘zbekistonda gender tenglikni ta'minlash, oilalar va xotin-qizlar bilan ishlash, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, migratsiya masalalarini tartibga solish borasida xalqaro standartlarga mos ravishda me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va to‘liq huquqiy asoslar yaratildi.

Navbatdagi vazifa – mazkur yo‘nalishlardagi xalqaro va xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda ushbu huquqiy hujjatlarni amaliyotga tatbiq etishdan iborat, deyiladi Senat axborot xizmati xabarida.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top