18:22 / 30.11.2019
0
22747
Senatda ikki nafar sudya Oliy sud sudyaligiga tasdiqlandi
Foto: KUN.UZ

Senatning 24-yalpi majlisida Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘rib chiqildi. Nomzodlari prezident tomonidan Oliy sud sudyasi lavozimiga taqdim etilgan ikki nafar sudya Senat tomonidan tasdiqlandi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Shuhrat Abbosov va Rahmatilla Orziqulov senatorlar o‘rtasidagi ovoz berish jarayonida Oliy sud sudyasi lavozimiga saylangan.

Shuhrat Abbosov 1979 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 2000 yili Buxoro davlat universiteti tarix fakultetini, 2004 yilda Samarqand davlat universitetining yuridik fakultetini tamomlagan. 2005–2008-yillarda fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi majlis kotibi, sud mutaxassisi, bosh mutaxassis, 2008–2011-yillarda FIB Romitan tumanlararo sudining raisi, 2011–2014-yillarda FIB G‘ijduvon tumanlararo sudining raisi, 2014–2017-yillarda FIB Navoiy viloyat sudi raisining o‘rinbosari, 2017 yildan shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining doimiy asosdagi a'zosi, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining sudyasi lavozimida ishlab kelgan.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Rahmatilla Orziqulov 1982 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. 2000 yili Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Mirzo Ulug‘bek xo‘jaligining huquqiy maslahatchisi vazifasida boshlagan. 2002–2008-yillarda jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudining sud majlis kotibi, arxiv mudiri, katta mutaxassis, bosh mutaxassis vazifalarida ishlagan. 2008–2011-yillarda JIB Paxtakor tumani sudining raisi, 2011–2016-yillarda JIB Jizzax viloyat sudining sudyasi, 2017 yilda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati boshqarmasining surishtiruvchisi, 2017–2018-yillarda O‘zsanoatqurilishbankning Jizzax viloyat filiali huquqiy maslahatchisi bo‘lib ishlagan. 2018 yilda JIB Jizzax shahar sudi raisi lavozimiga tayinlangan. 

Oliy sudning ikki nafar sudyasi boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan lavozimidan ozod qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top