23:07 / 01.12.2019
2
5567
BMT bosh kotibi insoniyatni «tabiatga qarshi urush olib bormaslikka» chaqirdi

Dunyo “tabiatga qarshi urushni” to‘xtatishi va iqlim o‘zgarishi bilan kurashish uchun o‘zida ko‘proq siyosiy iroda topa olishi lozim. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Madridda o‘tadigan iqlim bo‘yicha sammit COP25 arafasida aytib o‘tdi.  Uning ta'kidlashicha, tabiatga qarshi urushni to‘xtatishning imkoni bor. 
        
“Ilm-fanning ta'kidlashicha, biz buni qila olamiz”, deb aytgan BMT bosh kotibi.

“Biz o‘sib borayotgan global iqlim inqiroziga to‘qnash kelmoqdamiz. Ortga qaytib bo‘lmas nuqta olisda emas, u ko‘z ilg‘aydigan masofada va biz tomon harakatlanmoqda”, deb qo‘shimcha qilgan Guterrish.

Uning ta'kidlashicha. xalqaro hamjamiyatning bu yo‘nalishdagi bugungi kundagi sa'y-harakatlari “mutlaq yetarli” emas. Buning sabablaridan biri – iqlim o‘zgarishiga olib keluvchi aniq muammolarni hal qilish uchun siyosiy irodaning yetishmasligidir.

“Biz yer qazish va burg‘ilash ishlarini to‘xtatishimiz va tiklanuvchi energiya hamda tabiiy yechimlar taklif etayotgan ulkan imkoniyatlarni qo‘llashimiz lozim”, deb aytgan BMT bosh kotibi. Uning ta'kidlashicha, ko‘plab davlatlar bu majburiyatlarni bajarmaydilar.

COP25 anjumani 2-13 dekabr kunlari Madridda bo‘lib o‘tadi. Unda 200 ga yaqin davlat delegatsiyalari ishtirok etishi kutilmoqda. Dastlab anjuman Chili poytaxti Santyagoda o‘tishi rejalashtirilgandi, biroq ushbu davlatda norozilik namoyishlari davom etayotgani sababli uni Ispaniya poytaxtiga ko‘chirishga qaror qilingan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top