10:30 / 01.12.2019
1
53804
Shimoliy Koreya Yaponiyaga «haqiqiy ballistik raketa» bilan tahdid qildi

Shimoliy Koreya rasmiy Pxenyanni BMT rezolyutsiyasini buzgan holda yangi raketa sinovlari o‘tkazishda ayblagan Yaponiyaga javob qaytardi.

KNDR rasmiy matbuotida 28 noyabr kuni sinovdan o‘tkazilgan qurolning farqiga bormagan Sindzo Abe bema'ni va siyosiy qo‘g‘irchoq deb ataldi.

Pxenyan ma'lumotiga ko‘ra, aslida bu raketalarni ishga tushirish qurilmasi sinovi bo‘lgan.

Shimoliy Koreya bayonotida aytilishicha, Yaponiya tez orada haqiqiy ballistik raketa nimaligini bilib oladi.

KXDR Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini buzgan holda yadroviy sinovlar o‘tkazgani va ballistik raketalar uchirgani uchun xalqaro sanksiyalarga uchagan.

KXDR rahbari Kim Chen In bu sanksiyalar bekor qilinishini talab etib kelmoqda, u 2018 va 2019 yillarda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan o‘tkazgan tarixiy uchrashuvlarida ushbu masalani ko‘targan.

Koreya yarimoroli denuklearizatsiyasi va KXDRning yadroviy dasturi to‘xtatilishi masalasi shu yil fevralida Tramp va Kim muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgach ochiq qolgan.

Dengizga otish
O‘tgan payshanba kuni Janubiy Koreyadagi kuzatuvchilar osmonda ikkita obektning izlarini qayd etishdi. Taxminlarga ko‘ra, obektlar KXDR hududidan Yapon dengizi tomon uchirilgan.

KXDR eng yangi quroli va sinovni shaxsan Kim Chen In kuzatib borgani suratlarini namoyish etdi.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bu sinovni qoralab chiqdi. «Shimoliy Koreya tomonidan ko‘p sonli ballistik raketalar uchirilishi nafaqat bizning davlatga, balki xalqaro hamjamiyatga ham chorlovdir», - dedi u.

Bir kun o‘tib, shanba kuni Shimoliy Koreya markaziy axborot agentligi «zaharli» javob qaytardi: «Aytish mumkinki, Abe - dunyodagi eng katta tentak va tarixdagi eng ahmoq odam - u fotohisobotni ko‘rgach ham ballistik raketa bilan raketalarni ishga tushirish qurilmasini farqlay olmaydi».

«Ammo tez orada Abe haqiqiy ballistik raketani burni ostida ko‘radi. Abe - hech kimga o‘xshamagan bema'ni va siyosiy qo‘g‘irchoq».

«Shimoliy koreyaliklar so‘z o‘yini qilishmoqda va Abe ham xuddi shunday qilgandi. Abe ballistik raketalar haqida eslatib Pxenyan hamisha BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasini buzishiga ishora qilgan», deydi Massachusets texnologik instituti siyosiy fanlar professori Vipin Narang.

Ekspertning hisoblashicha, ikki tomonning bayonotlari ham mutlaqo aniq emas.

«Shimoliy Koreya bu ballistik raketa emasligi, uni ishga tushirish qurilmasi ekanini ta'kidlamoqda va katta ehtimol bilan shunday», degan u «Bi-bi-si» uchun bergan intervyusida.

Lekin voqealar rivoji shuni ko‘rsatadiki, KXDR yangi ballistik raketa sinoviga tayyorlanmoqda.

«Bu yerda Abe tez orada raketani burni ostida ko‘rishi haqidagi ibora muhim ahamiyatga ega», deya taxmin qiladi ekspert.

Muzokaralar barbod bo‘lishi

Koreyani yadrodan xoli qilish bo‘yicha muzokaralar fevral oyida AQSh va KXDR o‘rtasida Xanoyda kechgan muvaffaqiyatsiz sammitdan keyin to‘xtab qolgan.

Shu yil iyunida Donald Tramp va Kim Chen In Janubiy va Shimoliy Koreya chegarasidagi qurolsizlangan hududda yana bir bor uchrashgan va Vashington hamda Pxenyan o‘rtasidagi ishchi aloqalarni tiklashga kelishib olishgandi. Maslahatlashuvlar oktabr oyida boshlandi, ammo hozircha natija keltirmadi.

Kim Chen In 2019 yil oxirigacha Tramp bilan yana uchrashishi mumkin. Tramp o‘z tvitlaridan birida yana bir sammit o‘tkazish bo‘yicha taklif berdi, Shimoliy Koreya bu taklifga xotirjamlik bilan munosabat bildirdi. 

AQShning ko‘p yillik ittifoqchisi bo‘lgan Yaponiya KXDRning yadroviy va raketa dasturlaridan xavotirda, bu mamlakat rahbariyati o‘tgan asrning 70-80-yillarida shimoliy koreyalik josuslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan Yaponiya fuqarolarini qaytarishga urinib kelmoqda.

May oyida Sindzo Abe oldindan shartlashuvlarsiz Kim Chen In bilan uchrashishga tayyorligini bildirgandi.

Ammo kommunistik rejim hukm surayotgan shimol doimiy ravishda KXDRni qoralab keluvchi yapon bosh vazirining qadami hech qachon Shimoliy Koreya tuprog‘iga tegmasligini ma'lum qilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top