22:34 / 02.12.2019
3
3551
«8 mingdan ortiq uy xo‘jaliklariga issiqlik ta'minoti yetkazib berilmayapti» – Vazirlik

Ko‘p qavatli uylarda issiqlik ta'minoti tizimiga oid masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi vakillari sohaga oid yangiliklar haqida axborot berishdi. Vazirlik boshqarma boshlig‘i Ravshanbek Jo‘rayev issiqlik ta'minotiga ajratilayotgan xorijiy mablag‘lar, tizimdagi kamchiliklar to‘g‘risida xabar berdi.

«Respublika bo‘ylab 23 ming 500ta xonadonga issiqlik ta'minoti yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Ulardan 14 ming 700tasi issiqlik energiyasi bilan ta'minlangan, 8 ming 400tasi issiqlik ta'minoti yetkazib berilmayapti. 2018 yilda investitsiya doirasida issiqlik ta'minoti va ko‘p qavatli xonadonlarni uy-joy fondlarini rivojlantirish maqsadida respublika budjet mablag‘lari hisobidan 20 mlrd so‘m ajratildi. Buxoro, Namangan, Toshkent viloyatlaridagi 8ta qozonxona va issiqlik tarmoqlari modernizatsiya qilindi.

2019 yilda esa shu yo‘nalishga 58 mlrd so‘m ajratildi. Shundan 42 mlrd so‘mga qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, 16 mlrd so‘mga kelgusi yil uchun loyiha-smeta ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘dan 5ta mahalliy qozonxona, 1ta markaziy qozonxona va Nukus ko‘chasidagi 1 kilometrlik issiqlik quvvatini o‘rnatish amalga oshirildi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, hozir issiqlik ta'minoti o‘tgan asrning 50-70 yillarda qurilgan tizim orqali yetkazib berilyapti. Bu o‘z-o‘zidan energiya ortiqcha sarflanishiga olib kelyapti. Muammoni bartaraf etish uchun keyingi yildan Chirchiq, Buxoro shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti tizimini rekonstruksiya qilish boshlanadi. Bu loyihaga Jahon banki tomonidan 220,7 mln AQSh dollari ajratiladi. Shuningdek, Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida ham ushbu loyiha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top