21:40 / 03.12.2019
1
29982
Keyingi yillar gegemonlari: Messi va Ronalduning o‘rnini kimlar egallaydi?

«Barselona» hujumchisi Lionel Messi o‘z futbolchilik faoliyatida oltinchi marta France Football tomonidan har yili Yevropaning eng yaxshi futbolchisiga topshiriladigan «Oltin to‘p»ga sazovor bo‘ldi va «Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronalduni bu borada ortda qoldirdi. Keyingi yildan yangi gegemon paydo bo‘ladimi?

Foto: Sport Ekspress

Katta ehtimol bilan Messi ham, uning azaliy raqibi ham bu sovrinni bundan buyon boshqa yuta olmaydi va ularning davri poyoniga yetadi. Messining o‘zi ham taqdirlash marosimi vaqtida o‘zining yetish davri yaqinlashayotganini his qilib turganini tan oldi.

Krishtianu Ronaldu esa ikki oydan keyin 35 yoshga to‘ladi. Messi yarim yildan keyin 33 yoshni qarshilaydi. Albatta, ular yana bir necha mavsum o‘ynab berishadi, lekin ularning faoliyatidagi yorqin mavsumlar ortda qoladi. Argentinalik futbolchi hamon o‘z samaradorligini ko‘rsatishda davom etmoqda: O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra oltinchi marta Yevropaning eng yaxshi to‘purari uchun beriladigan «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritgan futbolchi Ispaniya chempionatining joriy mavsumida ham o‘rtacha hisobda har o‘yinda bittadan gol urmoqda, katalonlar jamoasi hech qachon hozirgi kabi uning o‘yiniga bog‘lanib qolmagandi. Portugaliyalik futbolchining samaradorlik ko‘rsatkichlari esa tushib ketdi. A Seriyaning o‘tgan mavsumidagi 21 gol har qanday futbolchi uchun a'lo natija bo‘lishi mumkin, ammo Krishtianu uchun emas. Bu mavsumda esa Maurisio Sarri tomonidan doim ham asosiy tarkibda tushirilmayotgan futbolchi 11 o‘yinda 6 gol urdi, xolos. Noyabr oyida «Yuventus» murabbiyi uni ikki marta maydondan zaxiraga oldi - jarohat tufayli emas, o‘yini qovushmagani uchun.

Messining o‘yinida ham aslida pasayish boshlangan, lekin u boshqa qobiliyatlari evaziga buni bilintirmayapti. Qolaversa, u portugaliyalik yulduzdan 2,5 yosh kichik. Ammo baribir tez orada bu ikki futbolchi ham faoliyatini yakunlashiga tayyor turish kerak. Bu bir tomondan kishini xafa qiladi, boshqa tomondan bu ham - yaxshilikka bo‘ladi. Chunki Ronaldu va Messi qarama-qarshiligidan hamma to‘ygan.

Ular - buyuk futbolchilar, ularning buyukligini boshqa futbolchilar tan olishgan, bu buyuklik tarixga muhrlab bo‘lindi. So‘nggi 10-15 yilda jahon futbolida ko‘plab kuchli futbolchilar o‘tdi, ammo bu ikki futbolchi yetgan cho‘qqilarga boshqalar yeta olishmadi. Neymarga faoliyatining eng gullagan chog‘ida jarohatlar va xarakteri xalal berdi, Azar barqaror o‘ynay olmadi, Levandovski har mavsumda to‘purar bo‘lsada, u faqat gol mashina, futbol sehrgari emas. Qolganlar esa shunchaki Messi va Ronaldu taklif etgan tempga dosh bera olishmasdi.

Ammo ularning o‘rnini boshqalar egallashi aniq. Albatta, bu haqda so‘z ketganda birinchi navbatda Mbappening nomi tilga olinadi. Fransuz hujumchisi juda tez ulg‘aymoqda, u jahon chempioni bo‘lishga ulgurdi va 20 yosh uchun fenomenal o‘yin ko‘rsatmoqda. U tez orada o‘z «Oltin to‘p»ini olishiga shubha yo‘q. Yana kimlar? Mane, Saloh, Keyn, Pogba? Ular 26-27 yoshni qoralab qo‘yishdi, ular yana qancha vaqt yorqin o‘yin ko‘rsatishi noma'lum.

Ronaldu va Messi juda erta yuqoriga ko‘tarilishgandi va endi ular kabi supermenlarni biz 19-20 yoshli futbolchilar orasidan qidirishimiz kerak. Mbappedan tashqari, «Atletiko»da ham o‘zini ko‘rsatayotgan Joau Feliksni, «Borussiya» Dortmundda yetakchiga aylangan Jyeydon Sanchoni keltirish mumkin. Shuningdek, «Bayyer»da hujumkor yarimhimoyachi Kay Xavers bor, bu kuzda Chempionlar ligasi kashfiyotiga aylangan «Zalsburg» hujumchisi Erling Holand bor - ushbu yigitcha guruh bosqichida qatorasiga besh o‘yinda 8 gol urib, tarixiy natija ko‘rsatdi. Holbuki avstriyaliklar «Liverpul» va «Napoli» kabi grandlar bilan bir guruhdan joy olishgan. Sanalgan futbolchilarning barchasi 20 yoshdan katta emas. Istiqbol bor, ammo ular hali katta futbolda ko‘p vaqt o‘tkazishmadi.

Aynan Mbappe yangi Messi bo‘lishi, yoki Holand yangi Ronaldu bo‘lishi haqida gapirish to‘g‘ri ham emas. Turli yillarda ko‘plab iste'dodli futbolchilarni kelajak giperyulduzlari deb atashgan. Masalan, katta umidlar bog‘langan Boyan Krkich «Barselona»da porlay olmadi, hozir u 29 yoshida Kanada chempionatida to‘p surmoqda. Yoki katalonlar klubining boshqa bir javohiri, xorvatiyalik Alen Xalilovich Niderlandiya chempionatida «Xerenven» klubining zaxira o‘rindig‘ida vaqt o‘tkazmoqda. Martin Edegorchi? 2015 yilda 15 yoshli norvegiyalikni «Real» o‘z safiga qo‘shib olgan va ushbu skandinaviyalik juda erta porlashiga umid bildirgandi. U esa 22 yoshni qarshilamoqda va ijarama-ijara yuribdi.

Messi va Ronaldu o‘z jamoalarining asosiy tarkiblarida maydonga tusha boshlaganida butun dunyo ulardagi haqiqiy talantni payqagandi. Bu juda tez ro‘y bergan, ikkisi ham faoliyati startidayoq «ucha boshlashgan»di. Shundan keyin biror futbolchi ular kabi boshlay olmadi va hech bir futbolchi «o‘zga sayyoralik» degan nom olmadi.

Biz Ronaldu va Messi davrining jonli guvohi ekanimizdan xursand bo‘lishimiz kerak. Axir yana qachondir shunday darajadagi gigantlar to‘qnashuvi ro‘y berishi kafolatlanmagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top