14:00 / 03.12.2019
0
3304

O‘zbek-turk biznes forumida tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha 10dan ziyod kelishuvlarga erishildi

Forumda Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a'lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

«Salomatlik haftaligi» doirasida tashkil etilgan tadbirda har ikki mamlakat sog‘liqni saqlash sohasi vakillari tomonidan qator manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, shoshilinch va tez tibbiy xizmat, farmatsevtika, tibbiy ta'lim, onkologiya va radiologiya, gematologiya va qon quyish, pediatriya, akusherlik va ginekologiya, xususiy tibbiyot kabi qator muhim yo‘nalishlarda memorandumlar imzolandi.

«Ushbu kelishuvlar sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish, muhimi, aholi sog‘ligini yanada sifatli himoyalashda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Forum doirasida Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a'lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

«Ushbu tadbir doirasida Turkiya Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja har ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mamlakatimiz Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning buyrug‘iga binoan «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a'lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tibbiy ta'lim va fan sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun u Toshkent tibbiyot akademiyasining faxriy professori unvoniga ham sazovor bo‘ldi.

Ayni paytda o‘zbek-turk biznes forumi doirasida qardosh mamlakat mutaxassislarining tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi qiziqarli taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning telegram kanalida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top