11:47 / 04.12.2019
0
10691

Kimlar volontyorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin?

Senatning 24-yalpi majlisida “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan ma'qullangan edi. Davlat rahbari mazkur Qonunni imzoladi.

Oliy Majlis Senati a'zosi Jamshid Xo‘jayevning yozishicha, volontyorlik faoliyati quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi:

kam ta'minlanganlar, ishsizlar, ko‘p bolalilar, boshpanasizlar, qarovsiz qolganlar, shuningdek ijtimoiy reabilitatsiyaga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida volontyorlik yordami ko‘rsatish;

bemorlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘izlar, qariyalar hamda o‘zining jismoniy, moddiy yoki boshqa o‘ziga xos xususiyatlari sababli qo‘llab-quvvatlashga va yordamga muhtoj bo‘lgan shaxslarni parvarishlashni amalga oshirish;

tabiiy yoki texnogen tusdagi favqulodda vaziyat oqibatida, alohida rejim, favqulodda holat joriy etilganda, ijtimoiy mojarolar, baxsiz hodisalar natijasida jabrlangan fuqarolarga, shuningdek jinoyatlardan jabrlanganlarga, qochqinlarga, mamlakat ichkarisida ko‘chib yurganlarga yordam ko‘rsatish;

o‘zining jismoniy yoki boshqa o‘ziga xos xususiyatlari sababli o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishi cheklangan shaxslarga yordam ko‘rsatish;

atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy meros, tarixiy-madaniy muhit, tarixiy va madaniy yodgorliklar, dafn etish joylarini saqlab qolish bilan bog‘liq tadbirlar o‘tkazish;

ommaviy sport, madaniy tadbirlarni va boshqa jamoat tadbirlarini tashkil etish bilan bog‘liq milliy hamda xalqaro ahamiyatga molik tadbirlarni o‘tkazishga ko‘maklashish;

alohida davr va favqulodda holat huquqiy rejimlarining amal qilishi vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga, boshqa harbiy idoralarga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga volontyorlik yordami ko‘rsatish.

O‘n sakkiz yoshga to‘lgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyati sub'yektlari hisoblanadi.

O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini, basharti bu faoliyat ularning sog‘lig‘iga hamda axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazmasa va o‘quv jarayonini buzmasa, amalga oshirishi mumkin.

Volontyor quyidagi huquqlarga ega:

o‘zining volontyorlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etishini ushbu Qonunda belgilangan talablarni hisobga olgan holda erkin tanlash;

agar volontyor hamda volontyorlik tashkiloti o‘rtasida tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, har qanday vaqtda volontyorlik faoliyatini erkin ravishda tugatish;

volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi to‘g‘risida va volontyorlik tashkiloti haqida ishonchli axborot olish;

volontyorlik dasturlarini bajarish, volontyorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tashkil etiladigan yoki tavsiya qilinadigan volontyorlik aksiyalarini va boshqa tadbirlarni o‘tkazish;

volontyorlik faoliyati tashkilotchisidan va volontyorlik tashkilotidan maxsus kiyim-bosh olish hamda yo‘l haqiga, yashashga, ovqatlanishga, zarur yakka tartibda himoyalanish vositalarini, asbob-uskunalarni olishga sarflangan xarajatlarning va boshqa xarajatlarning o‘rni qoplanishi;

volontyorlik faoliyati tashkilotchisi va volontyorlik tashkilotidan tavsiyanoma tusidagi xatlarni olish;

ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport tashkilotlariga va tabiatni muhofaza qiluvchi hamda o‘rmon muassasalarining hududiga mazkur tashkilotlar va muassasalar rahbariyati bilan kelishuvga ko‘ra volontyorlik faoliyatini amalga oshirish uchun kirish;

volontyorlik tashkilotining, volontyorlik faoliyati tashkilotchisining mablag‘lari hisobidan hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urta qildirish.

Volontyorlik qonun hujjatlari qoidalariga rioya etgan holda volontyor va volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi o‘rtasida yozma shaklda tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.

Shuningdek, volontyorlik faoliyatini ilgari surish hamda amalga oshirish borasidagi xizmatlarini e'tirof etish va baholash belgisi sifatida jismoniy va yuridik shaxslar mukofotlanishi mumkin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top