15:44 / 04.12.2019
0
2574

O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senati qo‘mitasi raisi A. Kurmanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Avstriyadagi elchixonasi ko‘magi bilan BMTning Venadagi bosh qarorgohida BMT bosh kotibining o‘rinbosari, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (GJBB) ijrochi direktori Yu. Fedotov bilan uchrashdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari BMTning O‘zbekiston bilan izchil rivojlanib va mustahkamlanib borayotgan sherikligini mamnuniyat bilan qayd etdi. GJBB giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishi, transmilliy jinoyatchilik va xalqaro terrorizmga qarshi kurashda O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga katta ahamiyat berishi ta'kidlandi.

Yu. Fedotov o‘rnatilgan samarali hamkorlik va mintaqaviy miqyosdagi birgalikdagi sa'y-harakatlar tufayli so‘nggi paytlarda Markaziy Osiyoda giyohvandlik moddalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar soni kamayganligini ta'kidladi.

GJBB rahbari korrupsiya va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash borasida O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatladi. U GJBBning joriy yil may oyida O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi davlat dasturini amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Yu. Fedotov O‘zbekistonning 16-20 dekabr kunlari Abu Dabi shahrida bo‘lib o‘tadigan Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyada ishtirok etuvchi mamlakatlarning BMTning 8-konferensiyasida ishtirok etish uchun delegatsiya yuborishi to‘g‘risidagi qarorini mamnuniyat bilan qarshi oldi.

Bundan tashqari, Yu. Fedotov O‘zbekistonni 2020 yil 20-27 aprel kunlari Kioto shahrida bo‘lib o‘tadigan va ta'lim va ma'rifat orqali adliya tizimi va qonun ustuvorligini mustahkamlashga bag‘ishlangan BMTning 14-Kongressida ishtirok etishga taklif qildi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar zamonaviy global tahdidlarga qarshi kurashishda uzoq muddatli va tizimli hamkorlikni rivojlantirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top