13:17 / 04.12.2019
0
5368
Toshkent viloyati Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasi 21.11.2019 yildagi “Toshkent viloyatida obodonlashtirish ishlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.
 
Norma’ning yozishicha, Toshkent viloyati hokimligi huzurida Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tashkil etildi. Tashkiliy tuzilmasi va boshqaruv xodimlarning umumiy cheklangan soni 21 nafar bo‘lgan uning apparatining tuzilmasi tasdiqlandi. Toshkent viloyati hokimiga ajratilgan shtat birliklari doirasida Bosh boshqarmaning apparati hamda shahar va tuman boshqarmalari tuzilmalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.
 
Bo‘linmaning asosiy vazifalari:

• sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga muvofiq obodonlashtirish obektlarini saqlash, ulardan foydalanish ishlarini o‘z vaqtida tashkil etish va sifatli bajarish;
• Toshkent viloyati shaharlar va tumanlar Obodonlashtirish boshqarmalarining faoliyatini samarali tashkil etish hamda muvofiqlashtirib borish;
• mavsumiy talablarni hisobga olgan holda obodonlashtirish obektlarini sanitariya jihatidan tozalash - supurish, suv quyish, yuvish, changdan va qordan tozalash, sirpanchiqlarga qarshi kurashish, irrigatsiya xo‘jaligi obektlarini mexanik usulda tozalash va ko‘chalarni yuvish;
• ko‘chalar, xiyobonlar, yodgorlik majmualari va umumiy foydalaniladigan boshqa yashil zonalarni ko‘kalamzorlashtirish, daraxtzorlarni saqlash (parvarish qilish), sug‘orish bo‘yicha agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish, zararkunandalar va kasalliklarga qarshi kurashish;
• yo‘l-ko‘prik xo‘jaligidan: ko‘chalarning qatnov qismidagi yo‘l qoplamasi, yo‘lkalar, to‘xtash joylaridagi shiyponlar, yer osti o‘tish joylari, ko‘priklar, transport yo‘llari ajraladigan joylar va ko‘tarma ko‘priklar, yo‘l chetidagi bordyurlar, suv ajratish tarmoqlari va boshqa sun'iy inshootlardan foydalanish;
• drenaj xo‘jaligi obektlaridan: vertikal va gorizontal quduqlar, ochiq va yopiq kollektorlar, favvoralar, sun'iy suv havzalari, yer osti va yomg‘ir suvlarini chiqaradigan nasos stansiyalaridan foydalanish;
• elektr energiyasini tejash maqsadida zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarni joriy etgan holda yo‘llar va ko‘chalarning tashqi yoritish ishlarini muvofiqlashtirish;
• nazoratsiz, shu jumladan, egasiz itlar, mushuklar va yirtqich hayvonlarni veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda tutish hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlariga olib kelish ishlarini nazorat qilish;
• qabristonlarni saqlash hamda ular hududida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish.
 
Bosh boshqarma boshlig‘i Toshkent viloyati hokimining qaroriga, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari boshliqlari esa tegishli hududiy hokimlarning tavsiyanomasiga asosan Obodonlashtirish bosh boshqarmasining buyrug‘iga muvofiq lavozimga tayinlanadi.
 
Obodonlashtirish bosh boshqarmasini saqlash uchun xarajatlar 2019 yilda Toshkent viloyati mahalliy budjetining mablag‘laridan ajratiladi, 2020 yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi. Bo‘linmaga bitta yengil avtomobil va bitta maxsus texnika sotib olish uchun mablag‘lar ajratiladi.
 
Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Obodonlashtirish bosh boshqarmasi haqidagi nizomni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
 
Obodonlashtirish bosh boshqarmasi Nurafshon shahri, Xurramlik ko‘chasi, 46-uy manzilida tekin foydalanish huquqi bilan joylashtiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top