21:00 / 04.12.2019
0
2029
YeXHT missiyasi vakili O‘zbekistonda so‘z va axborot erkinligini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi

3 dekabr kuni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa'dulla Hakimov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi a'zosi, ommaviy axborot vositalari bo‘yicha mutaxassis Amirouch Nedjaani qabul qildi.

Suhbat chog‘ida mehmon mamlakatimizda so‘z va axborot erkinligini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, uyushma faoliyati bilan tanishtirildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi matbuot xizmati.

O‘zbek jurnalistlari faoliyati, ularga yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi, jumladan jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov, tanlovda xalqaro tashkilotlar va horijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari ham o‘z nominatsiyalari bilan ishtirok etayotganlari haqida ma'lumot berildi. Qayd etilganidek, ular orasida YeXHT ham bo‘lib, bu tashkilotning mamlakatimizdagi vakolatxonasi 2014 yildan beri tanlovda faol qatnashmoqda, shu vaqtga qadar 10 dan ortiq jurnalistlar tashkilot mukofoti bilan taqdirlangani buning dalilidir. 

Amirouch Nedjaani yoshlarning bilim-ko‘nikmalarini oshirish borasida olib borilayotgan sa'y-harakatlar,  joriy yil yozda qabul qilingan O‘zbekiston Jurnalistlari kasb etikasi kodeksi, uning doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ham qiziqtirdi va bu boradagi savollariga to‘liq javob oldi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top