13:11 / 05.12.2019
0
12523
4ta viloyatda qotillik, 3tasida og‘ir tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘paygan – Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Rustam Hotamov keyingi vaqtlarda sodir etilayotgan qotillik va tan jarohati yetkazish jinoyati hamda ma'muriy huquqbuzarliklarning tahlili joylarda hanuz o‘zaro adovat yoki kelishmovchiligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash va mavjud muammoli masalalarni hal etish ishlari talab darajasida olib borilmayotganini ko‘rsatayotganini ta'kidladi.

«Joriy yilnng 9 oyi mobaynida oila-turmush munosabatlari zamirida 108ta qotillik, 115ta og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyati sodir etilgan. Shu turdagi qotilliklar Toshkent, Navoiy, Andijon, Namangan va Xorazm viloyatlarida, og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlari Samarqand, Navoiy va Xorazm viloyatlarida ko‘paygan.

Shaxslar o‘rtasidagi nizo va kelishmovchiliklarga o‘z vaqtida barham berilmay kelinayotgani tufayli oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan ma'muriy huquqbuzarliklar soni Toshkent, Navoiy, Farg‘ona viloyatlarida oshgan», deya Rustam Hotamovning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, joriy yilning 9 oyi mobaynida respublikaning 4598ta mahallasida jinoyat sodir etilgan.

«Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini vaqtida olish borasida erishilgan ijobiy natijalar bilan birga ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Birinchidan, joriy yilning 9 oyi mobaynida respublikaning 4598ta mahallasida jinoyat sodir etilib, shundan 1498tasida jinoyatlar soni oshgan. Xususan, Qashqadaryo, Jizzax, Buxoro, Sirdaryo viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida jinoyatlar soni oshgan mahallalarning salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda. Bu esa mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish borasidagi ishlarga mas'ul bo‘lgan tegishli idoralarning faoliyati yetarli tashkil etilmaganidan dalolat beradi», deydi Rustam Hotamov.

Senat qo‘mitasining majlisidagi hisobotida insonning o‘limiga yoki nogiron bo‘lib qolishiga sabab bo‘layotgan mudhish yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘layotgan «avariya»larga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida haydovchi va piyodalarning yo‘l-harakati qoidalariga amal qilish madaniyatini oshirishga qaratilgan maqsadli targ‘ibot-tashviqot tadbirlariga OAV, fuqarolik jamiyati institutlari va ko‘ngilli asosda ishtirok etuvchi yoshlar keng jalb etilishi ta'kidlab o‘tildi.

Avvalroq profilaktika inspektorlarining 55 foizida kishan yo‘qligi, O‘zbekistonning chet eldagi vakolatxonalari tomonidan mamlakat fuqarolariga pasport berish yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgani, «uchastkavoy»larga berilgan avtomobillarning xarajati novvoy va somsachilarning bo‘ynidaligi ma'lum qilingandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top