17:39 / 05.12.2019
3246
Agrobank o‘quv-seminarlarida banklar faoliyatiga oid qonun hujjatlaridagi o‘zgarishlar tushuntirilmoqda
Foto: Agrobank

Barchamizga ma'lumki, mamlakatimizda tijorat banklarining xizmatlar ko‘rsatish sifatini yanada oshirish va yangi bosqichga ko‘tarish borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Sohani yanada taraqqiy ettirish maqsadida qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qabul qilinayotgan tegishli huquqiy hujjatlar bunga misoldir.

Xususan, joriy yilning 11 noyabr kuni «Markaziy bank to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri e'lon qilindi. Bundan tashqari, shu yilning 5 noyabr kunidagi «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi, 2019 yil 1 noyabrdagi «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi qonuni hamda 2019 yil 22 oktyabr kunidagi «Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida huquqiy hujjatlar shular jumlasidandir.

Hozirda mazkur yangi tahrirda qabul qilingan qonun hujjatlarining ahamiyatini bank xodimlari va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida «Agrobank» ATB tomonidan malakali xodimlardan iborat bo‘lgan ishchi guruhlar tuzildi.

Ishchi guruh vakillari hududlarga chiqib ushbu qonunlarning ahamiyati, normalarning mazmun-mohiyatini bankning hududiy boshqarmalari va barcha filiallari xodimlariga hamda xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlariga batafsil tushuntirish maqsadida o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazmoqda.

«Agrobank» ATB matbuot xizmati

Top