19:09 / 05.12.2019
2
16331

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Rustam Hotamov: «tizimni nopok xodimlardan tozalash zamon talabi» 

4-5 dekabr kunlari Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi rahbariyati tashabbusi bilan ichki ishlar organlariga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, ularning zaxirasini shakllantirish yo‘nalishida tarkibiy va hududiy organlar kadrlar bo‘linmalari rahbarlari ishtirokida tanqidiy ruhdagi yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Rustam Hotamov ishtirok etib, kadrlar bilan ishlash tizimiga mutlaqo yangicha yondashuv lozimligi, tizimni nopok xodimlardan tozalash, kadrlar bilan ishlash faoliyatida xolislik, shaffoflik va adolat tamoyillariga so‘zsiz rioya qilish zamon talabi ekanligi ta'kidlab o‘tdi.

Hozirgi kunda xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, o‘qitish, malakasini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganligi, lekin ayrim mutasaddi rahbarlarning ushbu masalaga o‘ta mas'uliyatsizlik bilan yondashib kelayotganligi, tizimda hamon nopok xodimlar tomonidan xizmat burchiga, qasamyodiga xoinlik qilinib, poraxo‘rlik, tamagirlik, mansab vakolatini suiiste'mol qilish kabi xatti-harakatlar sodir etilishi davom etayotganligi tanqid qilindi.

Jumladan, joriy yilning hisobot davrida eng ko‘p intizom buzish holatlari Yo‘l harakati xavfsizligi (820), Patrul-post (508) hamda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish (127) xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shu bois ushbu sohaviy xizmatlarning barcha shaxsiy tarkibini yil yakuniga qadar navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida topshiriq berildi.

Bu borada Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati, o‘quv muassasalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari ichki ishlar boshqarmalari kadrlar bilan ishlash xizmatlari rahbarlari yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun qattiq ogohlantirilib, yil yakuniga qadar faoliyatida o‘zgarish qilmagan taqdirda ularning lavozimlarida qolish yoki qolmaslik masalalari ko‘rib chiqilishi xaqida ogohlantirildilar.

Shuningdek, poraxo‘rlik, tamagirlik, mansab vakolatini suiiste'mol qilish kabi salbiy illatlarga moyilligi bor nopok xodimlarni barvaqt aniqlash va ularni tizimdan chetlashtirish choralarini ko‘rish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top