17:29 / 05.12.2019
0
5182

O‘zbekistonda BMTning OIV/OITSga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma dasturi vakolatxonasi ochildi

O‘zbekistonda BMTning OIV/OITSga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma dasturi (YuNeYDS)ning vakolatxonasi ochildi.

«Ma'lumki, OIV infeksiya inson salomatligi va jamiyat kelajagiga jiddiy ta'sir etayotgan global tibbiy-ijtimoiy muammolardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda bu kasallik tarqalishining oldini olish, aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligini muhofazalash borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etishning huquqiy va tashkiliy asoslari yaratilgan.

O‘zbekiston bu borada xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan «90-90-90» maqsadli dasturi orqali o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni bajarishga ham ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Bu yo‘nalishda davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar hamkorligida bir qator dastur va loyihalar hayotga tatbiq etilyapti.

Yurtimizda YuNEYDS xalqaro tashkilotining vakolatxonasi ochilishi bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni kengaytirish, OIV bilan bog‘liq yangi holatlarni kamaytirish, tibbiy tekshiruv ishlari sifatini oshirish, bemorlarning davolanish imkoniyatlarini yanada yaxshilash va albatta, jamiyatda OIV infeksiya bilan yashayotgan bemorlarga nisbatan bag‘rikenglik va g‘amxo‘rlikni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi», deyiladi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ma'lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda OIV bilan 42 mingdan ortiq inson yashab kelmoqda va ulardan 28 ming nafari antiretrovirus davo olmoqda.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top