08:04 / 06.12.2019
5
59857

AQSh 100 mln dollar o‘g‘irlagan xakerlarga qarshi sanksiyalar kiritdi. Ular orasida o‘zbekistonlik ham bor

Foto: REUTERS

AQSh Moliya vazirligi Rossiyaning oltita shirkati va Evil Corp. (Dridex gang nomi bilan ham tanilgan) xakerlar guruhiga qarshi sanksiyalar joriy etilganini e'lon qildi. Shuningdek, ushbu xakerlar guruhiga aloqador 17 nafar shaxsga nisbatan ham sanksiyalar kiritildi. Ular orasida Rossiya, Ukraina, O‘zbekiston, Moldova, Gretsiya, Isroil va Ispaniya fuqarolari bor.

RBK'ning yozishicha, sanksiyaga tushgan shaxslar va tashkilotlarning AQSh yurisdiksiyasidagi barcha aktivlari muzlatib qo‘yilishi kerak, AQSh fuqarolari va Amerika kompaniyalariga ular bilan bitimlar tuzish taqiqlanadi.

Vazirlikdan ta'kidlashlaricha, Evil Corp. 40dan ortiq mamlakatlardagi uch yuzta bank hamda va moliyaviy kompaniyalardagi kompyuterlarga zarar yetkazish uchun ishlatilgan Dridex zararli dasturini ishlab chiqish hamda tarqatish uchun mas'ul bo‘lgan, natijada 100 million dollardan ortiq pul o‘g‘irlangan.

AQSh Moliya vazirligi rahbari Stiven Mnuchin Evil Corp.’ni kiberjinoyatchilik  sohasidagi eng kuchli tashkilotlardan biri deb atadi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganlar orasida Maksim Yakubets ham bor, uni Moliya vazirligi «Rossiya hukumatining kiberjinoyatchilik sohasidagi zararli harakatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam beradigan» xakerlar guruhi rahbari, deb ataydi. AQSh Moliya vazirligi xabarida Yakubetsning FXX (FSB) bilan hamkorlik qilishi ko‘rsatilgan.

Moliya vazirligi Davlat departamenti Evil Corp. yetakchisini qo‘lga olishda yordam beradigan ma'lumot uchun 5 million dollar miqdorida mukofot puli e'lon qilganini bildirdi.

Bundan tashqari, AQSh Moliya vazirligi Evil Corp.’ga aloqador deb hisoblagan boshqa shaxslarga nisbatan ham sanksiyalar joriy etildi. Muassasa ma'lumotlariga ko‘ra, ularning ba'zilari guruhda rahbarlik vazifalarini bajargan, boshqalari o‘g‘irlangan pullarni olib chiqib ketishga yordam bergan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top