11:20 / 06.12.2019
14
47250
Past Darg‘omda korxona elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgan: MIBga hokimlik vakillari to‘sqinlik qilishdi

Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida navbatdagi mojaro: to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman hokimligi vakillarining noqonuniy aralashuvi tumanda chindan ham O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan qonun-qoidalar amal qilmasligiga yana bir bor yaqqol misol bo‘la oladi.

Past Darg‘om tumani markazi Juma shahrida MIB xodimlari va davlat korxonasi o‘rtasida sodir bo‘lgan ushbu mojaroni borib o‘rgandik.

Ma'lum bo‘lishicha, Juma shahridagi «Qatorterak» mahallasiga yondosh hududlardan birida 2 gektardan ortiq yerda joylashgan 64 yillik tutzor shu yilning avgust oyida kesilib, obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli beton tayyorlash korxonasiga berilgan.

Bu yerda tayyorlanayotgan beton mahsulotlari Juma shahridagi obodonlashtirish ishlariga ishlatilmoqda. Bu qaysidir ma'noda yaxshidir, albatta.

Lekin ikki oycha avval o‘z faoliyatini boshlagan beton tayyorlash korxonasi o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulangan, elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan va energiya sotish korxonalariga bir tiyin to‘lamasdan kelgan.

Qishki vaqtda aholi elektr energiyasi yetishmovchiligidan qiynalmoqda. Energiya sotish korxonalari xo‘jasizlikka yo‘l qo‘ymaslik, elektr energiyasidan samarali foydalanish kerakligini bot-bot takrorlamoqda. Joylarda elektr energiyasi talon-toroj bo‘lishiga tuman hokimligining o‘zi bosh-qosh bo‘layotgani qaysi qolipga sig‘adi?!

4 dekabr kuni MIB xodimlari voqea joyini o‘rganib, elektr hisoblagichsiz ishlayotgan transformatorni muhrlashganda va tegishli tartibda dalolatnoma imzolashganda ularga korxona xodimlari tomonidan keskin qarshilik ko‘rsatilgan. Bunisiga nima deysiz?

MIB Past Darg‘om tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Jalilovning so‘zlariga ko‘ra, beton tayyorlash korxonasi ish yurituvchisi Ramiz Annabozorov namoyishkorona tarzda plomba va muhrlarni yulib tashlab, avtomatni yoqib, korxonani yana ishga tushirib, MIB xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan.

MIB xodimi  Suhrob Jalilov

Chunki Past Darg‘om tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyevning yordamchisi Asror Mardiyev ushbu vaziyatda MIB xodimlariga bosim o‘tkazib, elektrdan uzmaslikni talab qilgan. Voqea guvohlari jarayonni videotasvirga olishgan. Videotasvirda tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev ham shu yerga kelayotgani aytilganini ko‘rish mumkin. Lekin hokim kelmagan.

Tuman hokimi yordamchisi Asror Mardiyev va korxona vakili R.Annabozorov

Voqea joyiga chaqirilgan tuman ichki ishlar organlari xodimlari davlat inspektoriga qarshilik qilayotgan bezorilarni to‘xtatish o‘rniga, «o‘zlaring kelishib olinglar», degandek qilib ketib qolishgan.

Shunda transformatorni izolyator nuqtasidan uzish maqsadida tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbariga murojaat qilingan. Tuman ETK rahbari Hikmat Hayitov va korxona xodimlari voqea joyiga yetib kelib, turli bahonalarni ro‘kach qilib, beton tayyorlash korxonasini noqonuniy foydalanilayotgan elektr tarmog‘idan uzishdan bosh tortgan.

Mazkur vaziyat yuzasidan xolislar ishtirokida tegishlicha dalolatnoma tuzilgan, korxona xodimlari dalolatnomani imzolashdan bosh tortishgan.

Ushbu voqealardan xulosa qilish mumkinki, korxona bevosita tuman hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan tarmoqqa noqonuniy ulanib, foydalanib kelinmoqda. Yo‘qsa, ETK rahbari, ichki ishlar organlari xodimlari MIB xodimlarining qonuniy talabini bajarishgan, korxonada ish yuritayotgan R.Annabozorov davlat organi xodimlariga bu qadar bepisandlik bilan qarshilik ko‘rsatmagan bo‘lardi.

O‘zingiz o‘ylang, orqasida tuman hokimi turmagan istalgan boshqa korxonada shu holat yuz berganida nima bo‘lardi?! Tadbirkor «onasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rardi!»

Mazkur hududda yashovchilar ham bu korxona ishga tushganidan norozi. 64 yillik tutzor kesilib, o‘rniga maktab quriladi, deb va'da qilinganda kutilmaganda sershovqin beton tayyorlash korxonasi ishga tushgan.

Korxonaga qum, shag‘al va sement og‘ir yuk mashinalarida keltiriladi. Qorilgan beton ham mikser yuk mashinalarida tashiladi. Og‘ir yuk mashinalari mahalla asfaltini o‘yib yuborgan. Ular o‘tganda uy devorlari zirillaydi. Chang to‘zon va shovqin-surondan hamma bezor.

Ushbu hududda fermerlik bilan shug‘ullanuvchi, kesilgan tutzordan pilla yetishtirish uchun foydalanib kelgan fermer Norchuchuk Jo‘raqulovaga ko‘ra, shuncha yildan buyon o‘sib yotgan tutzorning kesilgan tutlari paxtaga kelgan yordamchilarga ovqat tayyorlash uchun o‘tinlikka so‘ralganida ham Ramiz Annabozorov tomonidan berilmagan.

Mazkur vaziyatda Past Darg‘om hokimligi javob berishi shart bo‘lgan bir necha o‘rinli savollar yuzaga chiqadi.

1. Yurtimizda pilla yetishtirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Pillachilikda asqotib turgan ko‘p yillik tutzor nega kesildi? Beton zavodni qurish uchun tumanda tashlandiq maydon kammidi?

2. Yer maydoni kimga, qaysi korxonaga va qaysi qaror asosida ajratib berilgan? Hokimning yer ajratish to‘g‘risida qaror chiqarishiga qonuniy asoslar bormi?

3. Biz borganimizda elektr tokiga hisoblagich o‘rnatilganini ko‘rdik. Biroq u bazaga kiritilmagan va korxona elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishda davom etmoqda. Buning ortidan keladigan zarar va jarimalarni kim to‘laydi?

Mojarodan keyin elektr tokiga hisoblagich o‘rnatilgan, lekin u bazaga kiritilmagan

4. MIB xodimlariga qarshilik qilgan va zo‘ravonlik qilgan kishilarga nisbatan tuman huquq-tartibot idoralari biror chora ko‘radimi? Ular kimga ishonib bu tarzda zo‘ravonlik qilgan?

5. Nega tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari MIB xodimlarining qonuniy talabiga zo‘ravonlik va qarshilikni tegishli tarzda rasmiylashtirmasdan ketib qolishdi? Davlat ularga nima uchun maosh to‘lamoqda?

6. Tuman ETK korxonasi rahbari H.Hayitov va uning xodimlari nega korxona noqonuniy foydalanilayotgan elektr energiyasini tarmoqdan uzish to‘g‘risidagi MIB talabini bajarmadi?

7. Voqea joyida bo‘lgan tuman hokimi yordamchisi Asror Mardiyevning mojaroga aralashishiga nima sabab bo‘lgan, nega u vaziyatni noqonuniy hal qilishga, MIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslikka intilgan?

Kun.uz bu masalada respublika, viloyat va tumandagi tegishli organlardan javob kutadi.

Eslatib o‘tamiz, bu Past Darg‘om tumanida yashnab turgan daraxtlar kesib tashlanib, hudud hokimga yaqin tadbirkorlarga berib yuborilayotgan birinchi holat emas.

Avval ham tumanda baliqchilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga tegishli hududlarni tuman hokimining yaqin o‘rtog‘i, fermer Hamza Hojimamatovga olib berishga besamar urinish bo‘lgan edi.

So‘ngra tuman markazidan o‘tuvchi respublika ahamiyatidagi yo‘l chetidagi archalar kesib tashlanib, yo‘lning himoya zonasidagi hudud tuman pochta aloqa bo‘limi sobiq rahbarining hech joyda ishlamaydigan rafiqasi nomiga rasmiylashtirishga urinish ham besamar ketgan edi. Kesilgan archalar uchun yetkazilgan 60 million so‘mdan ortiq zarar esa hanuz to‘lanmagan.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Kun.uz muxbiri.
Faxriddin HOTAMOV, tasvirchi

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top