20:10 / 06.12.2019
0
7825
Soliq kodeksiga tovlamachilikka qarshi normalar kiritilyapti - Moliya vaziri o‘rinbosari

Qo‘shilgan qiymat solig‘i qaysi holatlarda hisobga olinmasligi ma'lum bo‘ldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi loyihasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar, ularning mazmun mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov Soliq kodeksi loyihasida nazarda tutilgan soliq to‘lovchilarning tovlamachilik xatti-harakatlarining, shu jumladan tovar-moddiy boyliklarini bepul berishni, rahbarlar va ularning oila a'zolari va boshqalarning ehtiyojlari uchun tovar-moddiy boyliklarini sotib olish holatlarining oldini olishga qaratilgan choralar va ularning qanday amalga oshirilishiga oydinlik kiritdi.

«Qo‘shilgan qiymat solig‘i bir tomonlama tartibga soluvchi soliq bo‘lgan bo‘lsa, narx-navoga qarab turadi. QQS kirganidan keyin juda katta foyda qilib bo‘lmaydi. Foydangiz qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p soliq to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.

Ikkinchi tomondan, har bir korxona shu narsadan foydalanishga harakat qiladi, ko‘proq foydalanishga harakat qiladi. 

Uning [QQSning] tovlamachilik funksiyasi ko‘payib ketmasin degan savol chiqyapti. Shuning uchun hozir Yevropa mamlakatlari, boshqalarning tajribalarini o‘rganganimizda tovlamachilikka qarshi normalar bor. O‘sha normalardan bittasi – agar korxona o‘zi, direktori, oila a'zolari uchun biror nima sotib olayotgan bo‘lsa, uning qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olmaslik normalari kiritilyapti. Shu jumladan, avtotransport, vertolyot va hokazolarni olganda biz aytyapmizki, bu narsaning QQSini hisobga olish mumkin emas. Sotib olishiga qarshiligimiz yo‘q, lekin bir narsaga e'tibor qarating. QQS bo‘yicha hisobga olishga ruxsat bermaymiz», deya Dilshod Sultonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top