13:36 / 07.12.2019
0
4253
«Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga va Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar kiritildi

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 18 oktabr kuni qabul qilingan va Senat tomonidan joriy yil 30 noyabr kuni ma'qullangan “Bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni prezident tomonidan imzolandi va kuchga kirdi.

Oliy Majlis Senati a'zosi Komila Kavlonovaning yozishicha, Qonun bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyatni ta'minlashning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga va Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritildi.

Qonun bilan sud ishi yurituvi va sud tekshiruvining barcha bosqichlarida voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlarini ta'minlash maqsadida Jinoyat-protsessual kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, voyaga yetmaganlar, soqovlar, karlar, ko‘rlar va o‘zining jismoniy nuqsonlari yoki ruhiy buzilishlari tufayli himoyalanish uchun huquqlardan foydalanishda qiyinchilik his qilayotgan boshqa shaxslar, sud ishi olib borilayotgan tilni bilmaydigan shaxslar, umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarning apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalari sudida ko‘rib chiqiladigan ishlari bo‘yicha himoyachini rad etishga yo‘l qo‘ymaydi.

Bundan tashqari, Jinoyat-protsessual kodeksda quyidagilar ham nazarda tutilgan:

voyaga yetmaganning istagi bo‘yicha uning katta yoshdagi yaqin qarindoshlaridan biri yoki o‘zi ishonadigan boshqa shaxsning qonuniy vakil sifatida ishtirok etish imkoniyati;

voyaga yetmagan shaxs qonuniy vakilining o‘zi vakillik qilayotgan shaxsga nisbatan o‘tkaziladigan protsessual harakatlarda ishtirok etishi;

voyaga yetmagan guvohning yoki jabrlanuvchining roziligi bilan uning qonuniy vakili yoki katta yoshdagi yaqin qarindoshi, pedagog yoki jabrlanuvchi vakili ishtirokida so‘rov o‘tkazish;

murakkab tibbiy tekshiruv usullaridan, shuningdek kuchli og‘riq berish bilan bog‘liq usullardan majburiy foydalanishga faqat ekspertiza o‘tkazilayotgan shaxsning roziligi bilan, agar ushbu shaxs voyaga yetmagan yoki uning ruhiy holati buzilgan bo‘lsa, uning qonuniy vakilining, vasiysining yoki homiysining roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi;

kuchli og‘riqni qo‘zg‘atuvchi murakkab tibbiy tartib-taomillar yoki usullarni qo‘llashga faqat shaxsning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi, undan namunalar olingan bo‘lishi kerak, agar u voyaga yetmagan bo‘lsa yoki ruhiy kasallikka chalingan bo‘lsa, uning qonuniy vakili, vasiyi yoki homiysining roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi;

sud majlisi zalidan voyaga yetmagan guvohni uning so‘roq qilinishi yakunlanishi bilan chiqarib yuborish zarurati, bundan sud uning zalda bo‘lishi kerak degan hollar mustasno;

voyaga yetmaganga ayblov qo‘yilganda, surishtiruv, tekshiruv yakunlanganligi e'lon qilinganda va unga ish materiallari taqdim etilganda uning qonuniy vakili albatta bo‘lishi;

voyaga yetmagan gumon qilinuvchini va ayblanuvchini so‘roq qilish himoyachi, qonuniy vakil ishtirokida amalga oshirilishi.

Shuningdek, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, davlat bolani ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, huquqbuzarliklar va g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya qilinishini amalga oshiradi, shuningdek ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etadi.

Bundan tashqari, Qonun jinoyat jarayoni ishtirokchisi bo‘lgan bolaning huquqlarini himoya qilish kafolatlarini belgilovchi norma bilan to‘ldirildi. Jumladan, bolaga har qanday ruhiy yoki jismoniy ta'sir o‘tkazish, uni ko‘rsatmalar berishga yoki aybini tan olishga majburlash, sudga qadar ish yuritish va sud muhokamasi jarayonida bolalarga nisbatan ular qonuniy vakillarining ishtirokisiz amalga oshiriladigan protsessual harakatlarni bajarish taqiqlanadi. Shuningdek, voyaga yetmagan shaxsning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sudga qadar ish yuritishning va sud muhokamasining barcha bosqichlarida himoyachining ishtirok etishi shartligi nazarda tutilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top