15:00 / 07.12.2019
3
9403
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi yog‘och-qirindili plitalar importi bo‘yicha aksiz solig‘iga qarshi chiqdi
Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Yog‘och qirindili plitalar hamda ularning muqobil turlarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, importni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi”gi qarori loyihasini ko‘rib chiqib, raqobatga ta'sirini baholash bo‘yicha o‘z xulosasini berdi.

Eslatib o‘tamiz, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasida respublikaga import qilinayotgan 1 metr kub yog‘och-qirindili plitalar va uning muqobil turlariga (TIF TN kodi 4410), 2020 yil 1 yanvardan boshlab qatiy 25 AQSh dollari hamda 2021 yil 1 yanvardan boshlab qatiy 30 AQSh dollari miqdorida aksiz solig‘i joriy etish mo‘ljallangan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ta'kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 11.04.2019 yildagi №297-sonli qarori 5-bandi ikkinchi xatboshisi bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “formalin 37%” mahsuloti bo‘yicha va “Maxam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “karbamid A” mahsuloti bo‘yicha monopol yuqori narxlar qo‘llanilishining oldini olish bo‘yicha doimiy ravishda monitoring olib borish topshirig‘i nazarda tutilgan.

Shu munosabat bilan qaror loyihasining 1-bandi to‘rtinchi xatboshisini chiqarib tashlash taklif etildi - “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan “formalin 37%” hamda “Maxam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan “karbamid A” mahsulotlariga qo‘llanilayotgan narxlarni tahlil qilish va monopol yuqori narx qo‘llash holatlarini oldini olish choralarini ko‘rish.

Shuningdek, qaror loyihasi 3-bandida (respublikaga import qilinayotgan 1 metr kub yog‘och-qirindili plitalar va uning muqobil turlariga (TIF TN kodi 4410), 2020 yil 1 yanvardan boshlab qatiy 25 AQSh dollari hamda 2021 yil 1 yanvardan boshlab qatiy 30 AQSh dollari miqdorida aksiz solig‘i joriy etilishi - tah.) belgilangan aksiz solig‘i miqdorlarini respublikada mavjud quvvatlar va xomashyo bazasini chuqur tahlil etgan holda asoslangan ravishda qabul qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Tahlillarga ko‘ra, 2017 yilda yog‘och qirindili plitalar (DSP) bozori to‘lganligi darajasi 25,6 foizni, 2018 yilda esa bu ko‘rsatkich 16,7 foizni tashkil etgan.

Shundan, tovar bozori hajmida mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar ulushi 80 foizdan ko‘p bo‘lganda bozor tovar bilan to‘lgan hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan prognoz ko‘rsatkichlar bajarilishini hamda yog‘och qirindili plitalar (DSP) va ularning muqobil turlariga bo‘lgan bozor talabini to‘yintirish, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar va import hajmlarini hisobga olgan holda, qaror loyihasi 3-bandini chiqarib tashlash maqsadga muvofiq hisoblanishi aytilgan.

Bundan tashqari, qaror loyihasi 1-bandi uchinchi xatboshisida 2020 yil 1 yanvardan boshlab yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga muayyan investitsion majburiyatlar asosida, atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda tabiiy qamishzorlarni 10 yildan kam bo‘lmagan muddatga bepul foydalanishga berish tizimini joriy etish topshirilgan.

Bildirilishicha, Vazirlar Mahkamasining 11.04.2019 yildagi №297-sonli qarori bilan respublikada qamish xomashyosi mavjud bo‘lgan hududlar hamda qamishni qayta ishlash korxonasi tashkil qilinishi tavsiya etiladigan kichik sanoat zonalarining ro‘yxati tasdiqlangan va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda hududlarda qamish xomashyosi mavjud bo‘lgan joylarni yog‘och qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga, faoliyat ko‘rsatish davrida doimiy foydalanishga ajratib berilishini va qamish xomashyosini o‘rib olishga ruxsat etilishini o‘rnatilgan tartibda ta'minlash topshirilgan.

Shunga ko‘ra, qaror loyihasi 1-bandi uchinchi xatboshisini chiqarib tashlash yoki qaror loyihasini quyidagi xatboshisi bilan to‘ldirish taklif etilmoqda:

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oylik muddatda yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga muayyan investitsion majburiyatlar va atrof-muhitga zarar yetkazmaslik sharti asosida tabiiy qamishzorlar va qamishni qayta ishlash korxonasi tashkil qilinishi tavsiya etiladigan kichik sanoat zonalari hududidan yer maydonlari ajratish tartibini tasdiqlasin.”.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top