22:01 / 07.12.2019
13
40516
«Shunchaki tasodif». Past Darg‘om tuman MIB boshlig‘i ishdan olinishi beton zavodi bilan bog‘liqmasligi ma'lum qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda MIB Past Darg‘om tuman bo‘limi boshlig‘i Ilhom Hamdamov 6 dekabr kuni ishdan olingani haqida xabarlar tarqaldi.

Ayrimlar buni 4 dekabr kuni tumanning «Qatorterak» mahallasida «Past Darg‘om tuman obodonlashtirish boshqarmasi» davlat korxonasiga tegishli beton tayyorlash korxonasining elektr tarmog‘iga noqonuniy tarzda ulangani tuman MIB xodimlari tomonidan fosh qilingani tufayli mahalliy hokimlik tomonidan qo‘llangan jazo tariqasida talqin qilmoqda.

Kun.uz’ga Samarqand viloyat MIBdan ma'lum qilishlaricha, MIB Past Darg‘om tuman bo‘limi boshlig‘ining ishdan olinishida mahalliy hokimiyatning aslo aloqasi yo‘q. Aslida, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va noto‘g‘ri ma'lumot. Shunchaki voqealar tasodifan to‘g‘ri kelib qolgan.

Shu bilan birga, Past Darg‘om tuman MIB boshlig‘i 6 dekabr kuni ishdan olingani rost.

Bunga sabab — viloyat MIB bo‘limlarida oldinroq respublika komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan kompleks tekshiruvda ayrim tumanlarda, jumadan, Past Darg‘omda bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha salbiy natijalar qayd etilganidir. Shu sabab bilan I.Hamdamovdan tashqari Urgut tuman MIB boshlig‘i ham ishdan bo‘shatilgan. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra hali yana bir qator rahbarlar va xodimlarga nisbatan ham intizomiy choralar qo‘llanishi mumkin.

Past Darg‘om tumanida yuz bergan voqea bo‘yicha Kun.uz muxbirlari bugun yana o‘sha yerda bo‘ldi.

Viloyat va tuman hokimliklari matbuot xizmati hamda viloyat-u tumandagi sohaga aloqador tashkilotlar bilan birgalikda elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish voqeasi yanada sinchiklab o‘rganildi.

Mojaroga nima sabab bo‘lganiga oydinlik kiritildi. Voqea ishtirokchilariga savollar berildi. Hujjatlar bilan tanishildi.

Keyinroq bu haqda batafsil maqola Kun.uz’da e'lon qilinadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz maxsus muxbiri

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top