22:01 / 07.12.2019
0
8687

Tuhmat qilishda ayblangan Ilon Mask sudda yutib chiqdi

Tuhmat qilishda ayblangan Ilon Mask sud ishida yutdi. Hakamlar hay'ati britaniyalik dayver Vernon Ansvortning 190 mln dollarlik da'vosini rad etdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

«Insoniyatga bo‘lgan ishonchim tiklandi», — dedi 48 yoshli milliarder. 

Mask o‘z ko‘rsatmalarida dayverga nisbatan aytgan so‘zlarini tom ma'noda tushunmasliklarini so‘radi. 

«Pedo Guy so‘zi men o‘sgan Janubiy Afrikada keng tarqalgan so‘kish edi. Bu so‘z «yaramas chol» degan ma'noni anglatadi», — dedi u. 

Sudda Mask Ansvortdan kechirim so‘radi.

Ansvort va Mask o‘rtasidagi nizo 2018 yil yozda boshlangandi. O‘shanda ular Tailanddagi g‘orda 12 kun qamalib qolgan bolalar futbol jamoasi va uning murabbiyini qutqarish uchun o‘z yordamlarini taklif qilgandi. 

Mask qutqarish ishlari uchun o‘z kompaniyasi ishlab chiqargan suvosti qayig‘ini taklif qilgan, Ansvort buni «piar-harakat» degandi. Unga javoban Mask Ansvortni tvitterda «pedo guy» deb atagandi. Keyinroq u kechirim so‘rab tvitini o‘chirib yubordi.  

Dayver milliarderni tuhmatda ayblab sudga berdi va 190 mln dollar tovon puli talab qildi. Mask sudda o‘zining naqd puli judayam ozligini ma'lum qildi.

«Ko‘pchilik meni puli ko‘p deb o‘ylaydi, aslida pulim yo‘q», dedi u.

Forbes jurnalining yozishicha, Maskning 99 foiz boyligi Tesla va SpaceX aksiyalaridir. Agarda Mask tovon to‘lashiga to‘g‘ri kelganida, u aksiyalarining bir qismini sotishiga yoki qarz olishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lardi, deb yozadi Forbes.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top