20:10 / 09.12.2019
0
8765

Almazbek Atamboyev va uning 15 tarafdoriga sud-psixiatrik tekshiruv tayinlandi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev va 2019 yil avgustida Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi ommaviy tartibsizliklar va maxsus jangchilarni garovga olish ishi bo‘yicha gumon qilinayotgan yana 15 kishiga sud-psixiatrik tekshiruv tayinlandi. Bu haqda Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi ma'lum qildi. 

Vazirlikda tushuntirilishicha, 16 kishi, jumladan Atamboyev og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etish bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida o‘tayotgani sababli 12 noyabrda ularni tekshiruvdan o‘tkazish qarori qabul qilingan.

Hujjatlar ijro etilish uchun Respublika ruhiy salomatlik markaziga yo‘llangan.

7 avgustda Qirg‘iziston kuch tuzilmalari Qo‘y-Toshda Atamboyevni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyot o‘tkazgan. Sobiq prezidentning uyini shturm qilishga urinish uning tarafdorlari tomonidan qaytarilgan. Atamboyev tarafdorlari 6 nafar maxsus jangchini garovga olishga muvaffaq bo‘lishgan. 8 avgustda kuch tuzilmalari va sobiq prezident tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etib, Atamboyevning taslim bo‘lishi bilan tugagan. Sobiq prezident qon to‘kilishi davom etmasligi uchun shunday qarorga kelgan. Maxsus amaliyot natijasida 136 kishi jabrlangan. Bir maxsus jangchi halok bo‘lgan. 

Ushbu voqealar tergovi bilan hozirda ichki ishlar vazirligi tergov xizmati shug‘ullanmoqda. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top