09:04 / 09.12.2019
0
7224

Avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qaziganlarga javobgarlik belgilanyapti

Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar tomonidan parlament quyi palatasida takomiliga yetkazilayotgan bir qator qonun loyihalari muhokama etildi.

Parlament saytiga ko‘ra, deputatlar dastlab «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda atroflicha muhokama qildilar.

Fraksiya deputatlari yangi tashkil qilinayotgan kichik biznes sub'yektlariga ma'lum muddat soliq imtiyozi berish, mavsumiy ishlar bilan band aholiga mavsumdan tashqari paytda – tadbirkorlik faoliyatini yuritmagan davrda soliq ta'tili joriy etish kabi takliflarni ilgari surdi. Mazkur takliflar qonun loyihasida o‘z aksini topdi.

Shuningdek, deputatlar O‘zbekiston XDP fraksiyasi a'zolari tashabbusi bilan kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildilar.

Ta'kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish, muhandislik kommunikatsiyasi tarmoqlarini qurish-ta'mirlashda shahar ko‘chalari va boshqa aholi punktlarining yo‘l qoplamasini demontaj qilish hamda tiklash bo‘yicha ishlarni nazorat etishda muhim omil bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish organlari vakolatlarini belgilovchi alohida yangi 268-4-modda kiritish taklif etilmoqda. Ya'ni, avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun'iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish, avtomobil yo‘lida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shuningdek, yo‘llarni saqlash qoidalarini buzish va yo‘l-qurilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishiga taalluqli ma'muriy huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top