16:08 / 09.12.2019
0
45314

Finlyandiyalik ayol dunyodagi eng yosh bosh vazirga aylanish arafasida

Sanna Marin / Foto: Anadolu Agency/Anadolu Agency via Getty Images

Finlyandiya transport vaziri Sanna Marin 34 yoshida mamlakat bosh vaziri bo‘lishi kutilmoqda.

BBC xabariga ko‘ra, siyosatchi joriy hafta qasamyod qabul qilib, dunyodagi eng yosh bosh vazirga aylanishi mumkin.

Marinning nomzodini uning o‘z partiyasi bo‘lmish sotsial-demokratlar hukumat rahbarligiga ilgari surgan. U iste'foga chiqqan bosh vazir Antti Rinnening o‘rnini egallaydi.

Yakshanba kuni Sanna Marin partiyalar rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berishda eng ko‘p ovoz yig‘di, amaldagi hukumat rahbari Rinne ikkinchi o‘rinni oldi.

2015 yildan buyon Finlyandiya parlamenti a'zosi bo‘lib kelayotgan siyosatchi 5 nafar ayol rahbarligidagi 5ta partiyadan iborat koalitsiyaga rahbarlik qiladi.

Qayd etish joiz, Finlyandiyada hukumat almashinuvi mamlakat uchun biroz noqulay vaqtda ro‘y bermoqda: rasmiy Helsinki yil oxiriga qadar Yevropa Ittifoqiga raislik qiladi va Yevropa hamjamiyatining yangi budjeti ishlab chiqilishida markaziy rol o‘ynaydi.

Sanna Marin bir necha kun ichida bosh vazir lavozimiga tasdiqlanishi kutilmoqda: u 12 dekabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI liderlari sammitida Finlyandiya nomidan qatnashishi kerak.

Marin poytaxt Helsinkida tug‘ilgan bo‘lib, Tampere universitetida siyosiy fanlar bakalavri darajasini olgan, 27 yoshida shu shahar kengashi raisiga aylangan. Shundan so‘ng u sotsial-demokratlar partiyasiga a'zo bo‘lib, partiya raisining birinchi o‘rinbosari darajasiga ko‘tarilgan. U 2015 yilgi saylovda parlamentdan joy olib, 2019 yil iyunida transport vaziri etib tayinlangan edi.

Finlyandiyadagi eng yirik nashr – Helsingin Sanomat gazetasiga ko‘ra, Marin ushbu mamlakat hukumatini boshqaradigan uchinchi ayol bo‘ladi.

Shu bilan birga, siyosatchi dunyodagi eng yosh bosh vazirga ham aylanadi. Ayni paytda bu maqom Ukrainaning 35 yoshli bosh vaziri Aleksey Goncharukka tegishli. KXDR davlat kengashi raisi Kim Chen In ham 35 yoshda ekani aytiladi. Yangi Zelandiya hukumati rahbari Jasinda Ardern esa 39 yoshda.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top