08:47 / 09.12.2019
0
15637

Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘iga jinoyatni rasmiylashtirmaslik evaziga pora taklif qilindi

Foto: IIV axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limiga Samarqand shahri bo‘yicha IIOFMB 5-sonli IIB xodimlariga fuqaro tomonidan pora taklif qilinayotgani holati yuzasidan tezkor ma'lumot kelib tushgan.

Bo‘lim xabariga ko‘ra, 2019 yil 28 noyabr kuni Samarqand shahri bo‘yicha IIOFMB 5-sonli IIB Jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tartibida giyohvandlik vositasini sotib olish tadbiri davomida tadbirga xaridor sifatida jalb qilingan «R»ga Samarqand shahar «Xishrav» qo‘rg‘onida Urgut tumani «Qayroqli» mahallasida yashovchi, 1967 yili tug‘ilgan fuqaro O.E. jami og‘irligi 188,54 grammga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi marixuana giyohvandlik vositasini 1 500 000 so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIOFMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan 2019 yil 29 noyabr kuni O.E.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borishga kirishilgan.

Shu kuni soat 13:00larda Samarqand shahar Beruniy ko‘chasi 82-uyda joylashgan Samarqand shahri bo‘yicha IIOFMB 5-sonli IIBning ma'muriy binosiga, 5-sonli ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik San'at Nurillayevning oldiga O.E.ning ukasi, 1969 yili Urgut tumanida tug‘ilgan fuqaro B.E. kelib, ishni pul evaziga tergovga o‘tkazmasdan, jinoyat tariqasida rasmiylashtirmaslikni so‘raydi. 

Podpolkovnik S.Nurillayev unga akasi O.E. giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda sotish jinoyatini sodir etganligini, bu holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilganligini aytishiga qaramasdan, B.E. akasini ishini hal qilib berishini, buning evaziga 2 000 AQSh dollari miqdorida pulni berishini taklif qiladi. Podpolkovnik S.Nurillayev fuqaro B.E.ga qilayotgan harakati noqonuniyligini, pora berish-olish jinoyat ekanligini tushuntiradi. Biroq fuqaro 2 000 AQSh dollari miqdoridagi pulni shu kuni soat 18:00da olib kelishini aytib chiqib ketadi.

Podpolkovnik fuqaro B.E. bilan bo‘lib o‘tgan suhbat jarayonini «Samsung» rusumli uyali telefon apparatiga yozib olib, suhbatni SD diskka ko‘chirib, viloyat IIB boshlig‘ining nomiga tezkor tadbir o‘tkazishni so‘rab bildirgi bilan murojaat qiladi.

Ushbu bildirgi asosida 29 noyabr kuni soat 19:30larda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro B.E. akasi O.E. tomonidan sodir etilgan jinoyatni rasmiylashtirmaslik evaziga podpolkovnik S.Nurillayevga uning xizmat xonasida 2 000 AQSh dollarini pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan B.E.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top