20:20 / 09.12.2019
1
15159

MIB Samarqand viloyat boshqarmasi Past Darg‘om tuman bo‘limining sobiq boshlig‘i bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi

MIB Samarqand viloyat boshqarmasi Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tuman bo‘limi boshlig‘ining lavozimdan olinishi tuman obodonlashtirish boshqarmasining beton tayyorlash korxonasi bilan bog‘liq emasligi haqida rasmiy munosabat e'lon qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tuman bo‘limi boshlig‘i Ilhom Hamdamov 6 dekabr kuni ishdan olingani haqida xabarlar tarqaldi. Ayrim saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda bu voqea 4 dekabr kuni tumanning «Qatorterak» mahallasida Past Darg‘om tuman «Obodonlashtirish boshqarmasi» davlat korxonasiga tegishli beton tayyorlash korxonasining elektr tarmog‘iga noqonuniy tarzda ulangani tuman MIB xodimlari tomonidan fosh qilingani tufayli mahalliy hokimlik tomonidan qo‘llangan jazo tariqasida talqin qilmoqda.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi ma'lum qilishicha, MIB Past Darg‘om tuman bo‘limi boshlig‘ining ishdan olinishida mahalliy hokimiyatning aslo aloqasi yo‘q. Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, noto‘g‘ri ma'lumot. Shunchaki voqealar tasodifan to‘g‘ri kelib qolgan.

Qonun talablari va belgilangan tartibga ko‘ra, hokimlik yoki hududdagi boshqa boshqaruv organi MIB tuman rahbari faoliyatida biror-bir juz'iy kamchilik sezgan taqdirda, unga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri intizomiy chora ko‘rish vakolatiga ega emas.

Eng asosiysi — Byuro O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi huquqni muhofaza qiluvchi mustaqil organ hisoblanadi.

Bunday hollarda tuman bo‘limi boshlig‘ining bevosita rahbari — viloyat boshqarmasi boshlig‘i nomiga tegishli chora ko‘rish haqida taqdimnoma kiritishi mumkin. Samarqand viloyat boshqarmasiga bunday taqdimnoma kelib tushmagan.

Bosh prokuror va Byuro direktorining sohaviy buyruqlariga muvofiq, tuman va shahar bo‘limlarida barcha sohalarda belgilangan tartibda tekshirishlar o‘tkazib, ularning faoliyati muntazam tahlil qilib boriladi, o‘rganish va tekshirish natijalariga ko‘ra yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan xodimlar rag‘batlantiriladi, faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan yoki o‘z vazifalarini uddalay olmayotgan xodimlar intizomiy jazoga tortilishi mumkin.

Boshqa hududiy bo‘limlar singari, Ilhom Xamdamov rahbarlik qilgan Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tuman bo‘limida ham shunday tekshirish va tahlillar o‘tkazib borilgan.

Taajjub bilan aytish joizki, tuman bo‘limi faoliyati maqtovga sazovor bo‘lmagan. Biror marta asosiy faoliyat yo‘nalishi — elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi bilan ta'minlash hamda oqova suvlarni chiqarish va maishiy chiqindilardan tozalash xizmatlari uchun to‘lovlarni undirish oylik rejalari bajarilishiga erishilmagan, tumanda debitor qarzdorlik oyma-oy oshib borgan. Bu sohalarda tuman eng oxirgilar qatorida. Ishni tashkil qilish, qo‘l ostidagi xodimlari tomonidan ijro va mehnat intizomiga rioya qilinishini ta'minlash sohasida ham kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelingan.

Bu bilan biz Ilhom Hamdamovni qoralamoqchi emasmiz, aslo. O‘z faoliyatiga tanqidiy yondashish va qat'iyatlilik bilan kamchiliklarni bartaraf qilib borish prokuratura va byuro organlariga xos xususiyatdir. Ma'lumot uchun aytish joizki, I.Hamdamov o‘zining ishiga tanqidiy baho berib, o‘z tashabbusi bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilish haqidagi ariza bilan murojaat qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, tadbirkorlik sub'yekti bilan yuzaga kelgan ziddiyatli holatning bu jarayonga hech qanday aloqasi yo‘q.

Qolaversa, shu kuni viloyat boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilishda, o‘zining ish faoliyatida yuqorida bayon qilingan singari kamchilik va nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan Kattaqo‘rg‘on shahar, Bulung‘ur va Jomboy tuman bo‘limlari boshliqlari, Ishtixon tuman bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari intizomiy jazoga tortildi, qator tuman rahbarlari rasman ogohlantirildi. Tahlil va muhokama natijalaridan kelib chiqib, qo‘yilayotgan talablar kesimida o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholagan MIB Urgut tuman bo‘limi boshlig‘i Sh.Musurmonov ham o‘zini kichikroq hajmdagi ishga o‘tkazish haqidagi ariza bilan murojaat qilgan.

Bundan so‘ng ham prezidentimiz oldimizga qo‘ygan vazifalarni ado etishda ish faoliyatiga tanqidiy ko‘z bilan qarash, uchrayotgan kamchiliklarni bartaraf qilishga qat'iyatlilik bilan yondashib kelinadi.

Shu sababli, Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tuman bo‘limi sobiq boshlig‘i I.Hamdamovning o‘z vazifasidan ketishini 2019 yil 4 dekabr kuni Past Darg‘om tumanining «Qatorterak» mahallasida Majburiy ijro byurosi xodimlari va beton tayyorlash korxonasi xodimlari o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat bilan bog‘lash noo‘rin, deb hisoblaymiz. 

Ommaviy axborot vositalari va blogerlardan MIB Samarqand viloyat boshqarmasi faoliyatiga oid tasdiqlanmagan, asossiz ma'lumotlarni tarqatmaslikni, tezkor ma'lumot olish uchun boshqarma matbuot xizmati orqali murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz», — deyiladi rasmiy munosabatda.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top