22:43 / 10.12.2019
0
25093

9 yoshli vunderkind o‘zi o‘qishga kirgan universitetdan ketdi 

Oliy ta'lim muassasasini bitirganlik to‘g‘risidagi diplomning dunyodagi eng yosh  sohibi bo‘lishga yaqin turgan 9 yoshli Loran Simons o‘zi o‘qishga kirgan Eyndxoven texnika universitetidan ta'lim muassasasi rahbariyati bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik sababli ketdi. Bu haqda Niderlandiya ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Loran Belgiyaning Ostend shahrida tug‘ilgan bo‘lib, 6 yoshida yuqori sinflarga o‘qishga qabul qilinib, bir yildan keyin o‘qish bilan parallel ravishda Amsterdam universiteti tibbiyot markazida ishlay boshlagan. U 8 yoshida matematika fanlari ixtisosligi bo‘yicha o‘rta ta'limni bitirganlik to‘g‘risidagi diplomni olgan.

2019 yil martida bolakay 9 yoshida Eyndxoven universitetining elektr texnika fakultetiga o‘qishga qabul qilingan va odatdagi 3 yil o‘rniga yarim yil ichida bakalavr ishini yozishga muvaffaq bo‘lgan.

Yosh vunderkind bakalavr diplomini 26 dekabrgacha, ya'ni 10 yoshga to‘lgunga qadar himoya qilishi rejalashtirilgandi. Bu vaziyatda u 10 yoshida Alabama universitetining bitiruvchisi bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan Maykl Karnidan oliy ta'lim muassasasi diplomining eng yosh sohibi nomini tortib olardi.

Biroq oxirgi pallada universitet rahbariyati Loran zo‘riqishi mumkinligi sababli tug‘ilgan kunigacha o‘qishni bitirishi noreal degan qarorga kelib, bolaning ota-onasi bilan bu borada kelisholmay qolgan. “Loranning ota-onasi biz taklif qilgan o‘qish jadvaliga rozi bo‘lmadi va biz bundan afsusdamiz”, deb ma'lum qilgan universitet rahbariyati.

Natijada Loranning ota-onasi uning hujjatlarini universitetdan olishga qaror qilgan.

Loranning o‘zi esa instagramda universitet rahbariyati jamoatchilikni chalg‘itishga urinayotganini yozgan. “Universitet matbuotda yil oxirigacha o‘qishni bitirishimni aytgandi. Endi bo‘lsa, bu 2020 yil o‘rtalarida yuz berishini ta'kidlamoqda! Nahotki Eyndxoven universiteti barchani aldamoqchi bo‘lsa?”, deb yozgan yosh vunderkind.  

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top