18:56 / 10.12.2019
3
4740
O‘zbekistonda xotin-qizlarga doir o‘n yillik strategiya ishlab chiqilmoqda
Foto: Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi

Bugun, 10 dekabr kuni Toshkentda “Xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish: milliy tajriba va xalqaro amaliyot” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YeXHT) bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirda senatorlar, bir qator davlat va nodavlat tuzilmalari vakillari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova xotin-qizlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish uchun ta'sirchan tizim yaratishda O‘zbekiston tajribasiga to‘xtalib o‘tdi va bu borada qilinadigan ishlar hali ko‘p ekanligiga urg‘u berdi.

“Hech bir viloyat bizning hududimizda ayollar tomonidan jinoyat, huquqbuzarlik sodir etilmadi, deya maqtana olmaydi, yoki hech bir viloyat hududimizda ayol, erkak, qiz yoki o‘g‘il bola o‘z joniga qasd qilmagan, deya maqtana olmaydi. Demak, hali oldimizda juda jiddiy masala turibdi. O‘zbekistonda ko‘p ishlar qilingan, biroq bundan ham ko‘p ish qilishimiz kerak”, - dedi Artikova.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bosh maslahatchisi Nodira Shotursunova 2019 yil 2 sentyabrida “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarning amaliyotga tatbiq etilishi borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

“Xotin-qizlar huquqlari borasida ishlab chiqilgan ikkita qonunni amaliyotga tatbiq etish uchun o‘n yilga mo‘ljallangan strategiya ishlab chiqilyapti. U ijtimoiy-siyosiy, iqtisod, bandlik va mehnat migratsiyasi, ta'lim va boshqa sohalardagi gender tenglik yo‘nalishlariga bo‘lingan. Hozir ishchi guruh strategiya ustida ish olib boryapti. U kelasi yilning yanvar oyida qabul qilinishi belgilangan.

Ayni vaqtda zo‘ravonlik va tazyiqqa uchragan ayollar bilan ishlovchi mutaxassislar yoki davlat vakillari, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari va psixologlar uchun qo‘llanmalar ishlab chiqilyapti”, - dedi Nodira Shotursunova.

Davra suhbatida xotin-qizlar orasida huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi sabablarga alohida urg‘u berildi. Xususan, tadbirning birinchi sessiyasi doirasida gender omilini hisobga olgan holda jinoiy faoliyatga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro va milliy amaliyot ko‘rib chiqildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Shavkat Kazakbayev xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar statistikasini keltirdi.

“Olib borilayotgan profilaktik sa'y-harakatlar natijasida respublika bo‘yicha xotin-qizlar jinoyatchiligi mos ravishda 2016 yilda 5 foizga, 2017 yilda 11 foizga kamaygan bo‘lsa, 2018 yilda 35,7 foizga, 2019 yilning shu davriga nisbatan 32,7 foizga kamayishi erishilgani fikrimizning tasdig‘idir.

Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud jarayonlarida qo‘mita vakillarining ishtirokini ta'minlash tizimi joriy etilishi natijasida 2019 yilning 10 oyi davomida 763 marotaba sud jarayonlarida ishtirok etib, shundan 263 jinoyat va huquqbuzarlik sodir etgan xotin-qizlar qo‘mita vakillari kafilligi asososida jazodan ozod etildi”, - deya Shavkat Kazakbayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davra suhbati yakunida ayollar sodir etadigan transmilliy jinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish sohasidagi qo‘shma tashabbuslar bo‘yicha YeXHT hamda O‘zbekiston Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi uchun tavsiyalar guruhlarda muhokama qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top