12:00 / 10.12.2019
3
20640

Vobkentdagi abgor ko‘prik tuzatilishi so‘ralganda u yerda harakat taqiqlab qo‘yildi xolos - foto

Tahririyatga Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi «O‘zbakon» mahallasida joylashgan Amu-Buxoro kanali ustidagi ko‘prikning abgor holati haqida murojaat kelib tushdi.

«Ushbu ko‘prik ikki tuman — Buxoro va Vobkent tumanlarini bog‘laydi: har kuni minglab odam o‘tadi. Maktab, kasalxona, deganday.

Lekin ko‘prikning ahvoli juda-juda xavfli. Qo‘rqadiganim — o‘zim shahar markazida ishlayman, ikki farzandim maktabga qatnash uchun kuniga kamida ikki bor shu ko‘prikdan o‘tadi. Xudo ko‘rsatmasin, agar... O‘ylashgayam qo‘rqasan kishi.

Ko‘prik ahvolini yaxshilash na rahbarlar, na hozirgi amaldagi deputatlar, na nomzodlarning xayolida bor. Vaholanki, kanal yilning kamida 250 kunida vajohat bilan to‘lib oqadi.

Aholi tomonidan mutasaddi rahbarlarning hammasiga murojaat qilingan. Yozishmalar ham bor.

Murojaatlardan so‘ng mutasaddi rahbarlarlar suratda tasvirlanganidek, ko‘prik oldini tuproq bilan to‘ldirib (hech kim o‘tmasin, degan ma'noda), harakatlanish taqiqlanishi to‘g‘risidagi yo‘l belgisini o‘rnatib ketishdi, xolos. Lekin baribir xalq o‘tadi. Chunki aylanib kelish uchun 5 kilometrga yaqin yo‘l bosish kerak.

Ko‘prikni tuzatish uchun hech qanday harakat yo‘q. Homiylik bilan qilamiz, desak ruxsat berishmaydi.

Chekka qishloqlar dardlari birovni qiziqtirmaydi, shekilli», — deb yozadi murojaatchi.

O‘zi yashayotgan maskan aholisini qiynab kelayotgan masala haqida ma'lum qilar ekan, murojaatchi deputatlar saylovi masalasiga ham to‘xtalgan: «Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarini chekka qishloqlardagi aholi turmush tarzini o‘rganish, xalq orasiga kirib borish uchun har oyning 10-sanasida viloyatlardagi ahvolni o‘rganish uchun aniq topshiriqlar bergandi. Lekin 5 yil avval yo‘qolib ketgan deputatlar endi paydo bo‘lishyapti. Shunda ham faqat markazlardagi kollej va maktablardagi uchrashuvlarda.

Sizlarga jo‘natgan fotosuratlardagi holat mavjud qishloqlarga birov qadam qo‘ymaydi. Kimga ovoz berishniyam bilmaysan kishi».

Kun.uz tahririyati mavjud ahvolni Buxorodagi mutasaddi idoralar e'tiboriga havola etadi va ularning bu boradagi javobini kutib qoladi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top