22:48 / 11.12.2019
0
4607

2019 yilda dunyo bo‘ylab 250 jurnalist o‘z kasbi sababli ozodlikdan mahrum etildi

2019 yilda dunyo bo‘ylab 250 jurnalist o‘z kasbiy faoliyati sababli ozodlikdan mahrum etildi. Ulardan eng ko‘pi – kamida 48 nafar jurnalist Xitoyda panjara ortiga tushgan. Bu haqda Jurnalistlarni himoyalash qo‘mitasi (CPJ) notijorat tashkilotining har yillik ma'ruzasida aytib o‘tildi. 

Jurnalistlik jinoyat emas

Ma'ruza 11 dekabrda Nyu-Yorkda omma e'tiboriga havola etilgan. CPJ ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda o‘z kasbini bajargani uchun qamalgan jurnalistlar soni rekord darajada yuqori bo‘lib qoldi. “Matbuotga nisbatan tazyiqni kuchaytirgan” Xitoy o‘tgan yilgi “yetakchi” - Turkiyani ortda qoldirgan. Turkiyada esa joriy yilda 47 jurnalist panjara ortiga jo‘natilgan, 2018 yilda ular soni 68 nafarni tashkil qilgan. 

Tashkilotning ma'lum qilishicha, jurnalistlarni ozodlikdan mahrum etgan davlatlar ro‘yxatida Xitoy, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Misrdan keyingi o‘rinlarni Eritreya, Vetnam va Eron egallagan.

Shu bilan birga, CPJ jurnalistlarga qo‘yiladigan ayblovlar orasida yangi trendga e'tibor qaratgan, ya'ni jurnalistlarga nisbatan “soxta yangiliklar” tarqatish ayblovlari soni oshib bormoqda. 2018 yilda bunday holatlar 28 tani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda 30 ta bo‘lgan.

Butun dunyoda jurnalistlar duch keluvchi eng keng tarqalgan ayblov – ularning davlatga qarshi faoliyatda ayblanishi bo‘lib qolmoqda.

Xitoy hukumati yuqoridagi ma'lumotlarga izoh berar ekan, bosh qarorgohi AQShda joylashgan CPJ’ga ishonch yo‘qligini aytgan. Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakilining ta'kidlashicha, Osmonosti davlatida “qonun ustuvorligi hukm suradi va hech kim undan ustun turmaydi.”  

Ta'kidlanishicha, 2018 yilda o‘z kasbi bilan bog‘liq holda qamoq jazolariga hukm qilingan jurnalistlar 255 nafarni tashkil qilgandi. 

Shuningdek, 2018 yilda o‘z kasbiy vazifalarini bajarish vaqtida 94 nafar, ya'ni 2017 yilga nisbatan 12 nafar ko‘proq jurnalist va OAV xodimi o‘ldirilgan. 

2018 yilda jurnalistlar uchun eng xavfli davlat Afg‘oniston bo‘lgan. U yerda 16 jurnalist o‘ldirilgan. Shuningdek, Meksikada 11 nafar, Yamanda 9 nafar va Suriyada 8 nafar OAV xodimi hujumlar qurboniga aylangan. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top