23:12 / 11.12.2019
0
9228

AQSh Eron bilan bog‘liq yangi sanksiyalar kiritdi

AQSh Eron bo‘yicha sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Bu haqda AQSh moliya vazirligida ma'lum qilindi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga Eronning Mahan Air aviakompaniyasi va uning o‘nlab samolyotlari kiritildi. Aviakompaniya BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalariga zid ravishda Eron bilan noqonuniy ishlar olib borishda gumon qilinmoqda.

Neft savdosi sohasidagi shunday qoidabuzarliklar uchun Eron bayrog‘i ostida suzuvchi ikkita kema va Eron, Xitoy va BAAda joylashgan 5 ta transport kompaniyasiga sanksiyalar qo‘yilgan.

Ro‘yxatga bir jismoniy shaxs – Eron fuqarosi kiritilgan. U yuqoridagi kompaniyalardan birini boshqarishga aloqador hisoblanadi.

Mahan Air’ga nisbatan Islom inqilobi soqchilari korpusining “Al-Quds” maxsus kuchlarini qo‘llab-quvvatlaganlik uchun 2011 yildan beri AQSh sanksiyalari amal qiladi. Biroq aviakompaniya 11 dekabrda ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishga aloqadorlar kiritilgan yana bir sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shildi.

Sanksiyalar ostiga tushgan kompaniyalar va shaxslarning AQSh hududidagi mablag‘lari va mol-mulkiga taqiq qo‘yiladi. Bundan tashqari, ular bilan hamkorlik qiluvchi boshqa shaxslar va kompaniyalarga sanksiyalar kiritilishi mumkin.  

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top