23:57 / 11.12.2019
2
49652

Bosh prokuror o‘rinbosari tergov jarayonida qiynoq qo‘llanishiga munosabat bildirdi

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaga ko‘ra qiynoqlar yoki boshqa shafqatsiz usullarni qo‘llamasdan ham har qanday tergov harakatini qonun doirasida amalga oshirsa bo‘ladi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Bosh prokuror o‘rinbosari S.Ortiqova Kun.uz muxbirining savoliga javoban tergov jarayonida qiynoqqa solish bilan bog‘liq holatlarga munosabat bildirdi.

«Men ham tergovchi bo‘lganman. Tergov qilganman. Tergovchi bo‘ladimi, prokuror bo‘ladimi yoki jazoni ijro etish muassasasi ma'muriyati bo‘ladimi yoxud surishtiruvchi bo‘ladimi — barchasi insonning tarbiyasiga bog‘liq. Qiynoqlarni yoki boshqa shafqatsiz usullarni qo‘llamasdan ham har qanday tergov harakatini qonun doirasida amalga oshirsa bo‘ladi. Men doim o‘zimga o‘zim savol beraman: nega o‘zbek o‘zbekni uradi, o‘zbek o‘zbekni qiynaydi? Hayotda kimdir jinoyat sodir etmaydi va qamoqqa tushmaydi, deb kim kafolat bera oladi?! Hech kim bunday kafolat berolmaydi. Bugun siz meni qiynoqqa solgan bo‘lsangiz, ertaga men sizni qiynashim mumkin. Qaytar dunyo degan narsalar bor», — deya Svetlana Ortiqovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Bosh prokuror o‘rinbosari Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kunidagi ma'ruzasida tergov jarayonida videokuzatuvning ahamiyati haqida to‘xtalib, surishtiruvchi, tergovchi va boshqa vakolatli shaxsning majburiyatlarini qonunlarda aniq belgilab qo‘yishni taklif etgani aytdi. Ortiqovaning aytishicha, tergov jarayonini videokuzatuv moslamalari bilan to‘liq ta'minlash juda katta mablag‘ni talab qilishi, buni birdaniga amalga oshirish budjetga og‘irlik qilishi haqida gapirdi.

«Gumonlanuvchini ushlashdan tortib to koloniyaga borguncha har bitta tergovchining kabinetida videokameralar o‘rnatilguncha profilaktika inspektorining xonasiga o‘rnatilsa-chi? Bitta monitorda katta qilib qadam-baqadam ko‘rsatilganda zo‘r bo‘lardi», — deydi Svetlana Ortiqova.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Tadbirda insonni qadrlash, hurmat qilish hissini yuridik universitetdan, undan ham avval bog‘chadan shakllantirib borish kerakligi, shundagina samara bo‘lishi haqida so‘z bordi.

«Tergov jarayonida qiynoqni ishlatganlar tarjimai holi o‘rganilsa, albatta, oilasida urush-janjal, ota-onasi, aka-ukalari urishgan, bolalikda it-mushuklarni qiynagan bola bo‘lib chiqadi. Keyin u forma kiygach, mansab berilgach, unda menga hamma narsa mumkin, degan fikr paydo bo‘ladi. Tergov jarayonida qiynoqqa solish holatlari bilan prokuratura organlari qat'iy kurash olib borayapti. Buni batamom yo‘q qilamiz desak, bu — afsona, utopiya. Lekin siz bilan biz shuni kamaytira bilishimiz kerak.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Mengacha bo‘lgan, mendan keyingi pogonli odamlarni endi qayta tarbiyalab bo‘lmaydi. Juda qiyin. Faqat jazolash, tozalash, tizimdan chiqarish bilan cheklanish mumkin.

Lekin farzandlarimizni, bo‘lajak prokurorlarni, tergovchilarni bog‘chadan boshlab tarbiyalasak, 20-25 yildan keyin xudo xohlasa hech qiynoqni ishlatmaydigan kadrlar yetishib chiqadi», — deya ta'kidladi Svetlana Ortiqova.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top