23:49 / 11.12.2019
0
12098

Partiyalar havo va temiryo‘l transporti monopoliyasi haqida qanday fikrda?

Partiyalarning monopoliyani tugatish bo‘yicha ber(ma)gan takliflari noroziliklarga sabab bo‘ldi

10 dekabr kuni «Demokratik debat» tok-shousida ichki va tashqi migratsiya, mehnat muhofazasi va migrantlarning pensiya ta'minoti masalalari muhokama qilindi.

x6sI-fIsGgJYZuhWaqSwb9Uc6FwhAsns.jpg (1151×745)

Muhokama davomida Kun.uz muxbiri o‘zbekistonlik migrantlar ishtirokida yuzlab avtohalokatlar sodir bo‘layotgani, ularning xavfsiz havo xizmatidan foydalanishiga esa samolyot chiptalari qimmatligi, loukosterlarning bozorga kirishiga qarshilik qilinayotganini aytib, siyosiy partiyalar vakillaridan sohadagi monopoliyani yo‘qotish borasida aniq takliflar so‘radi.

Baxtiyor Ruhiddinov, O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi vakili:

– Biz temir yo‘l va havo xizmati ko‘rsatishdagi monopoliyani tugatish bo‘yicha va bu borada xorijiy investitsiyalarni, davlat xususiy sherikchiligini rivojlantirish tarafdorimiz.

Partiyamiz ko‘proq xorijiy aviakompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish orqali chiptalar narxini tushirish va ko‘rsatiladigan xizmat sifatini oshirishni taklif qiladi.

Farhod Ishanqulov, «Adolat» sotsial demokratik partiyasi vakili:

– Partiyamiz sohada monopoliyani tugatish va unga raqobat muhitini olib kirishni yoqlaydi. Bunday muhitni olib kirish uchun qonunchilikda raqobat muhitini aks ettirish, ya'ni xususiy sektorga ham ruxsat berish kerak.

Amaldagi qonunchiligimizda xususiy sektor kelib ishlashi uchun yetarli huquqiy asos yo‘q.

Nodirjon Muxtorov, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi:

– O‘zbekistonda samolyotlarga ishlatiladigan kerosinning 1 tonnasi narxi 1200 dollar, chet el aviakompaniyalari esa shu yoqilg‘ini 700 dollardan sotib oladi. O‘zbekistonda aeroportni ijaraga olish 20 ming dollar, Yevropada bu narx 3 ming dollar. Xo‘sh, muammo qayerda?

Chet el aviakompaniyalari O‘zbekistonga kelib ishlashi uchun hammaga teng sharoit yaratib berish kerak.

Ikkinchi taklif: Monopolistik faoliyatning bir nechta turi bor. Jinoyat kodeksida faqat 2ta faoliyat turi uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Qozog‘iston, Rossiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda 7ta monopolistik faoliyat turi uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Navbatdagi besh yillikda boshqa monopol faoliyat turlari uchun ham jinoiy javobgarlikni belgilash kerak.

Boymurod Yusupov, Xalq demokratik partiyasi vakili:

– Hozirgi vaqtda migrantlar davlat iqtisodiyotiga 5 mlrd investitsiya kiritmoqda. Shuni inobatga olgan holda, milliy aviakompaniya tomonidan migrantlar uchun amaldagidan ko‘proq imtiyozlar turini joriy qilish lozim.

Islom Xushvaqtov, O‘zbekiston ekologik partiyasi vakili:

– Bizda faqat energetika sohasini monopoliyadan chiqarish taklifi bor.

Qayd etish joiz, debat vaqtida partiyalar vakillari tomonidan havo va temir yo‘l transporti xizmati sohasidagi monopoliyani tugatish, sohaga haqiqiy raqobat muxitini olib kirish hamda xizmat sifatini oshirish borasida ishonchsiz va umumiy gaplarga asoslangan fikrlari tomoshabinlar tomonidan norozilik bilan kutib olindi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top