19:13 / 11.12.2019
51
57815

Toshkentga kelishdan oldin ro‘yxatdan o‘tish kerakligi bo‘yicha taklif shov-shuv ko‘tardi. Ekologik partiya a'zosi so‘zlariga izoh berdi

Bugun, 11 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazida bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub sessiyasida O‘zbekistonda so‘nggi 3 yil davomida sud huquq sohasidagi o‘zgarishlar muhokama qilindi.

Unda ishtirok etgan O‘zbekiston ekologik partiyasi vakili Ulug‘bek Pirmuhammedov Toshkentga kelayotgan viloyatliklarni qayd etishning yangi tartibini joriy etishni taklif qildi.

«Fikrimizcha, fuqaro Toshkentga kelishidan oldin o‘zining hududidagi inspektordan ro‘yxatdan o‘tishi maqsadga muvofiq. Shunday tizim joriy etilsa, Toshkentda muammolarga uchrashining oldi olinadi», dedi partiya faoli.

Uning bu taklifi ijtimoiy tarmoqda rezonans keltirib chiqardi va tanqidiy munosabatlar bildirildi.

Ulug‘bek Pirmuhammedov Kun.uz muxbiriga o‘z so‘zlari yuzasidan izoh berdi. U propiska tizimiga qarshiligi va bunday taklif berishdan maqsadi viloyatdan keluvchilarga qulaylik bo‘lishini istashi ekanini qayd etib o‘tgan.

Assalomu alaykum, jonkuyar jurnalist va blogerlar! Bir narsaga e'tibor bershingizni taklif qilardim. Bildirilayotgan taklif qaysi mavzu muammosiga oidligidan kelib chiqib munosabat bildirsangiz.

Avvalo, men Ekologik partiya nomidan emas, balki mustaqil shaxs sifatida fikrimni bildirdim. Ko‘rsatuv vaqtida mening shaxsiy fikrim deb ta'kidlab o‘tdim.

Avvalambor, men propiska tizimiga qarshiman. Endi shaxsiy taklifimga e'tibor bersak, taklifim shundan iboratki, viloyatlardan ishlash maqsadida kelayotgan hamyurtlarimiz ma'lum bir muammolarga uchrayotgani to‘g‘risida bir qancha mavzular ko‘tarildi. Aynan Xalqaro press klub bosh prodyuseri G‘ulomjon Samadov ko‘rsatuvida hamyurtlarimizni ishlab turgan joyida profilaktika inspektorlari tomonidan jarimaga tortilayotgani to‘g‘risida fuqarolar murojaati o‘qib eshittirildi. Uch kun ichida ro‘yxatga qo‘ymasa qonuniy chora ko‘rish kerakligi to‘g‘risida aytib o‘tildi.

Bu muammolar to‘g‘risida mendan ko‘ra siz yaxshiroq bilasiz. Sababi OAV vakillari xalq bilan o‘zaro doimiy muloqotda. Kerak bo‘lsa biz ham siz orqali eshitamiz ba'zi muammolarni. Men ishtirokchi sifatida shaxsiy fikrimni bildirganimda, yaqinlarimiz zarurat yuzasidan ishlash maqsadida kelayotgan bo‘lishi mumkin. Ular ma'lum muddatga kelishsada, biz bu yerda ularga ro‘yxatdan o‘t deb tursak, bu odamlar uchun adolatsizlik bo‘lmaydimi?

Propiska masalasi juda ko‘p marta ko‘tarilgan. Ayniqsa, blogerlarning kanallarida to‘liq yoritib berilgan. O‘z fikrimni to‘liq aytib berish imkon bo‘lmadi, lekin qisqacha aytib o‘tsam. Men propiska to‘g‘risida emas, balki onlayn ro‘yxat, qulaylik va xavfsizlikni yaratish maqsadida taklif qildim. Toshkentga kelayotgan qadrdonlarimiz yashab turgan hududlaridagi inspektorlar tomonidan ro‘yxatdan o‘tishsa, Toshkentda muammolarga duch kelmasligi uchun onlayn ro‘yxat olinsa va bu ro‘yxat, ya'ni onlayn portal dasturi orqali aks etsa, PPS tomonidan ko‘chadan ushlab ketish holatlari kuzatilganda, bu dastur hamyurtlarimiz huquqini himoya qiluvchi vosita vazifasini bajarardi. Balki shunda hamyurtlarimiz noroziligiga sabab bo‘layotgan muammo qaysidir ma'noda o‘z yechimini topar edi. Taklifda qiyinchiliklarga duch kelayotgan hamyurtlarimizni kamsitish nazarda tutilmagan, balki ularning huquqini himoya qilish va ularga sharoit yaratish maqsadi bor edi. Vaholanki, hech birimizning haqqimiz yo‘q mahalliychilik qilishga, hammamiz teng huquqli fuqoromiz. Axir O‘zbekiston Respublikasida bitta yashil pasport bor. Fikrlarimni boshqacha talqin qilmaslikni so‘rar edim.

Ezgulik - bu to‘liq ayta olmagan so‘zlardan emas, balki niyatlarga qarab baholanishi kerak deb o‘ylayman.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top