12:30 / 11.12.2019
0
19675

«Barselona» Dortmundni baxtiyor qildi, «Ayaks» Yevropa Ligasiga ravona bo‘ldi

Chempionlar ligasining guruh bosqichida 4 guruh 6-tur o‘yinlarini o‘tkazishdi.

Ye guruhi
100 soniyada hal bo‘lgan o‘yin

«Zalsburg» — «Liverpul» — 0:2
Gollar: Keyta, 57. Saloh, 58.

Bir yil avval bo‘lgani kabi, «qizillar» pley-offga chiqish masalasini oxirgi turga qoldirishgandi. Norvegiyalik vunderkind Holand «Liverpul» rejalariga asosiy tahdid sifatida ko‘rilayotgandi. Undan kamida Chempionlar ligasida debyutdagi 6 uchrashuvda samarali harakatlari bilan (gol yoki pas) rekord o‘rnatish, maksimum esa avstriyalik muxlislarning 1/8 final bo‘yicha orzularini ro‘yobga chiqarish kutilayotgandi.

Alissonga o‘yinning ilk daqiqalaridanoq ish topila boshladi. Uning hamkasbi esa faqat birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib ishga kirishdi. Undan keyin yana «Zalsburg»ning hujumlar seriyasi kuzatildi, keyin esa Saloh Manening ajoyib pasini yo‘qqa chiqardi. Tanaffus arafasida Stankovich o‘zi bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib kelgan Keytani to‘xtatib qoldi. Birinchi bo‘limda kuchlar teng keldi.

Ikkinchi bo‘lim Salohning yana bir qulay vaziyatni ko‘kka sovurishi bilan boshlandi, darvozabon yana yakkama-yakka vaziyatda ustun keldi. Xoland misrlik futbolchini xatosi uchun jazolashga yaqin kelgandi, ammo uning zarbasi biroz xato ketdi. Bu hujumdan keyin «Liverpul» futbolchilari individual mahorat evaziga 100 soniyada o‘yin taqdirini hal qilishdi. Avvaliga «Zalsburg»ni sobiq futbolchilari Mane va Keyta ishtirokidagi kombinatsiya ranjitdi. Keyin esa Saloh baribir niyatiga erishdi, qator qulay vaziyatlardan foydalana olmagan futbolchi o‘tkir burchakdan turib darvozani ishg‘ol etdi. Qizillar yurishini davom ettiradi, avstriyaliklarning yosh hujumchilari esa endi Yevropa Ligasini tomoshabop qilib berishadi.

«Napoli» — «Genk» — 4:0
Gollar: Milik, 3, 26, 38, penaltidan. Mertens, 74, penaltidan.

Neapolitanliklar kutilganidek autsayderga qarshi o‘yinda jiddiy qarshilikka duch kelishmadi. Qolaversa, «Genk» darvozasida bu o‘yinda turnir tarixidagi eng yosh darvozabon turgandi. Yangi rekordchi Vandervordt endigina 17 yoshu 287 kunlik edi, ammo hech kim bu debyutantga rahm qilmadi. 3-daqiqadayoq uning qo‘pol xatosi yaqinda jarohatini tuzatib qaytgan Milikning goli bilan yakunlandi.

Polyak tanaffusgacha yana ikkita gol urdi va «Napoli» tarixiga Chempionlar ligasida ilk  het-trik qilgan futbolchi sifatida kirdi, buning uchun unga uch bor zarba berish yetarli bo‘ldi. O‘yinga yakuniy nuqta Mertens tomonidan qo‘yildi. Bu o‘yin uning uchun neapolliklar jamoasi safidagi 300-o‘yin bo‘ldi, bosh murabbiy Karlo Anchelotti uchun esa so‘nggisi. Yirik hisobdagi g‘alaba va «Napoli» guruh bosqichini ilk bor mag‘lubiyatsiz o‘tkazganiga qaramasdan klub prezidenti Aurelio de Laurentis uni ishdan bo‘shatishga qaror qildi.

H guruhi
Amsterdamdagi halokat

«Chelsi» — «Lill» — 2:1
Gollar: Abraham, 19. Aspilikueta, 35 — Remi , 78.

Frenk Lempard jamoasining guruhdan chiqishi jamoaning o‘ziga bog‘liq edi va jamoa buni xotirjamlik bilan uddaladi. Bunga qisman raqibning o‘zi yordam berib yubordi, jamoa muddatidan avval yevrokuboklarni tark etgani uchun Londondagi o‘yinga aralash tarkib tushirildi. Ko‘klar o‘yinni to‘xtovsiz hujumlar bilan boshlashdi va birinchi qamal Pulishich — Villian — Abraham kombinatsiyasidan keyin gol bilan yakunlandi.

Muvaffaqiyatni Aspilikueta mustahkamladi, u Chempionlar ligasidagi so‘nggi 3 uchrashuvda 2ta gol urdi, ungacha 46 o‘yinda bitta gol urgandi. Abraham esa mavsumdagi gollari sonini 13taga yetkazib oldi. «Chelsi»da so‘nggi marta angliyalik futbolchi bunday samarali harakat qilishi futbolchi Lempard davridan buyon kuzatilmagandi. Londonliklar klubining sobiq futbolchilaridan biri Remi qaytarib bo‘lmas zarbasi bilan o‘zini «Stemford Brij»ga eslatib qo‘ydi, ammo uning bu goli londonliklarning bayramini buza olmadi. Lempard esa YeChL pley-off bosqichiga ham futbolchi, ham murabbiy sifatida chiqqan ilk inglizga aylandi.

«Ayaks» — «Valensiya» — 0:1
Gol: Rodrigo, 24.
Amsterdamliklarning ichki chempionatda «Villem»ga sensatsion ravishda mag‘lubiyatga uchrashi jamoa bor e'tiborini Chempionlar ligasiga qaratgani bilan izohlangandi, ammo seshanba oqshomidagi o‘yin ham Erik ten Haag ssenariysi bo‘yicha kechmadi. «Ko‘rshapalaklar»ning ketma-ket xavfli hujumlari Rodrigoning yaqin masofadan turib «to‘qqizlik»ni ishg‘ol qilishi bilan yakunlandi. Statistik raqamlar ham «Ayaks»ning qiyin ahvolidan darak bermoqda, jamoa so‘nggi uch uy uchrashuvida to‘rtta gol o‘tkazib yubordi. Bu esa avvalgi 11 uy uchrashuvidagidan ko‘proqdir.

Niderlandlar bitta javob goli ursa kifoya edi. Ammo Ziyosh bu o‘yinda darvozaga biror marta aniq zarba bera olmadi. Endi u va o‘tgan mavsumda turnir yarimfinaliga qadar borgan amsterdamliklarning boshqa yulduzlari ikkinchi darajali yevrokubokda omadlarini sinab ko‘rishadi. So‘nggi tur arafasida guruh peshqadami bo‘lib turgan «Ayaks» 10 ochko to‘plab ham guruhdan chiqa olmadi. So‘nggi marta bunday holat 7 yil muqaddam «Chelsi» bilan ro‘y bergandi, «Napoli»ga esa bir safar 12 ochko ham yetarli bo‘lmagandi.

F guruhi
Tarixiy gol

«Inter» — «Barselona» — 1:2
Gollar: Lukaku, 44 — Karles Peres, 23. Ansu Fati, 86.

Muddatidan avval birinchi o‘rinni naqd qilib qo‘ygan katalonlar bu o‘yinga jiddiy qarashmagandi. Ular uchun ichki chempionatdagi navbatdagi tur va keyingi haftada bo‘lib o‘tadigan klasikoga tayyorlanish muhimroq edi, shu tufayli Milanga Messi va Pike olib ketilmadi, Buskets, Suares, ter Shtegen va de Yong o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshlashdi. Lekin bu «Barsa» o‘yinni topshiradi degani emasdi. Aksincha, imkon berilgan futbolchilar o‘zlarini ko‘rsatishdi, Netu muqarrar gollardan saqladi, YeChLdagi debyut o‘yinini o‘tkazgan Karles Peres gol urib hisobni ochdi.

Agar Langle birinchi bo‘limda qulay vaziyatdan gol urolganida «Inter» nokaut holatiga tushishi mumkin edi. Ammo bir necha vaziyatlardan foydalan olmagan milanliklar baribir javob qaytara olishdi, birinchi bo‘lim davomida juda faol harakat qilgan Lukaku bo‘lim oxirida qarshisidagi himoyachilar va darvozabonga imkon qoldirmadi.

Ikkinchi bo‘lim ham mezbonlarning ustunligida kechdi, Lautaro Martinesning ikki goli ofsayd tufayli bekor qilindi, mezbonlarda boshqa golli vaziyatlar ham bo‘ldi. Lekin o‘yin oxirida «Barsa»ning yana bir yosh futbolchisi o‘z nomini YeChL tarixiga yozdirib qo‘ydi. Jarima maydoni tashqarisidan aniq zarba yo‘llagan Ansu Fati 17 yoshu 40 kunlik va u turnir tarixidagi eng yosh gol muallifi bo‘ldi. Bundan avvalgi rekord 22 yildan buyon o‘zgarmay kelayotgandi.

«Borussiya» D — «Slaviya» Pr — 2:1
Gollar: Sancho, 10. Brandt, 61 — Souchek, 43.

Birinchi bo‘limda dortmundlik muxlislar bir necha bor olqishlashdi. Avvaliga Roys va Sanchoning golli kombinatsiyasini, keyin — «Barselona»ning «San-Siro»da urgan golini. Shuningdek, Byurki bir necha marta pragaliklarning hujumlarini bartaraf etib olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Lekin tanaffus arafasida ular alamdan ham hayqirishdi, Souchek baribir «asalarilar» darvozasini ishg‘ol qildi, bu gol parallel uchrashuvda «Inter» gol urgan vaqtga to‘g‘ri keldi. Ammo «Signal Iduna Park»dagi g‘amginlikka ikkinchi bo‘lim boshlarida Sanchodan qabul qilib olgan pasini raqib darvozabonining yaqin burchagiga joylagan Brandt tarqatib yubordi.

O‘yin oxirida Vayglning chetlatilishi yana asabbuzarlikka sabab bo‘ldi, ammo barchasi yaxshilik bilan tugadi. «Borussiya» «Barsa»ning yordami bilan keyingi bosqichga yo‘llanma oldi, Antonio Konteni Yevropa Ligasida kutishmoqda.

G guruhi
«Lion» «Zenit»ni yevrokuboksiz qoldirdi

«Lion» — «Leypsig» — 2:2
Gollar: Forsberg, 9, penalti. Verner, 33, penalti — Auar, 50. Depay, 82.

Qiziqarli fakt: Chempionlar ligasining so‘nggi uch mavsumida guruh bosqichidan ikkinchi o‘rin bilan chiqqan jamoalar chempion bo‘lishgan. Bu haqda Yulian Nagelsmann o‘ylamagani aniq, uning uchun guruhda birinchi bo‘lish prinsipial masala edi. Birinchi bo‘limda nemislar jamoasi g‘ayratli ko‘rinishdi, arbitr ikki marta VAR orqali fransuzlar darvozasiga 11 metrli jarima zarbasi belgiladi. Ulardan birini Verner aniq ijro etib, o‘ziga xos natija ko‘rsatdi. Uning turnirda urgan 6 goli ham begona maydonda urildi va bu orqali u avvalgi rekordchilar — Sinishu Mixaylovich va van Byuytenni ortda qoldirdi.

Tanaffusga qadar barchasi hal bo‘lib bo‘lgandek edi, ammo ikkinchi bo‘limda barchasi o‘zgarib ketdi. «Zenit» Lissabonda alamli mag‘lubiyatni qabul qilayotgan chog‘da, «Lion» to‘liq kuch bilan oldinga o‘tdi. Fransuzlar Auarning chiroyli golidan keyin hujumni davom ettirishdi va Depay hisobni tenglashtirdi. Niderlandiyalik futbolchi Chempionlar ligasida qatorasiga 5 o‘yinda gol urib buyuk vatandoshlari — van Nistelroy, Makay va Robbenning natijasini takrorladi. Ammo Memfis uchun asosiysi — pley-offga chiqish bo‘ldi, bu yo‘llanmani «Lion» matonat bilan qo‘lga kiritdi, o‘yinning so‘nggi daqiqalarida «Leypsig» g‘alaba golini urish uchun 100 foizlik imkoniyatga ega bo‘lgandi.

«Benfika» — «Zenit» — 3:0 (0:0)
Gollar: Servi, 47 (1:0). Pitssi, 58 — penalti (2:0). Ozmun, 79 — avtogol (3:0).

«Zenit» «RB Leypsig» Fransiyada g‘alaba qozonishiga ishonib qolib, safarga borgandi va buning uchun jazolandi. Birinchi bo‘limdan keyin Lissabonda 0:0, Lionda 0:2 hisobi qayd etilayotgan va bu holat ruslarni to‘la qanoatlantirardi. Lekin fransuzlar ikkinchi bo‘limda ikkita gol urishdi, portugallar esa uchta. Natijada guruhdagi eng katta budjetga ega bo‘lgan piterliklar Yevropa Ligasiga ham yo‘llanma ololmadi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top