09:48 / 12.12.2019
0
9476
23ta yangi telefonni sotib yuborib, o‘rniga ishlatilgan 18ta qurilma xarid qilgan ekspeditorga jinoyat ishi ochildi

Poytaxtdagi “Toshkent savdo markazi” MChJda ekspeditor bo‘lib ishlovchi, 1990 yilda tug‘ilgan D.A. joriy yil 9 sentabr kuni 244 dona uyali telefon apparati va 50 dona kosmetik vositani yuk xati asosida qabul qilib oladi. 

IIV Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, u telefon apparatlari va kosmetika mahsulotlarini MChJga topshirishi lozim bo‘lgan, biroq o‘ziga ishonib topshirilgan o‘zganing mulkiga ko‘z olaytirishni ma'qul deb topgan.

Shundan so‘ng, Shayxontohur tumanida joylashgan “Malika” savdo majmuasiga yo‘l olgan. Bu yerda 23 ta, ya'ni 18 ta “Samsung Galaxy A8”, 4 ta “Samsung Galaxy A5” va 1 ta “Samsung Galaxy A3” rusumli telefon apparatlarini 5 000 000 so‘mga pullagan. Jinoiy qilmishini yashirish maqsadida ilgari foydalanilgan 18 ta uyali telefon apparatini sotib oladi va o‘z ishxonasiga olib boradi.

Shu kuni “Toshkent savdo markazi” MChJ omborida vakillar tomonidan buyumlar ko‘zdan kechirilganida esa, ular orasida 5 ta “Samsung” rusumli telefon apparati yo‘qligi aniqlanadi. Bu haqda “Toshkent-Aero” IBK kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlariga xabar beriladi.

Mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahri aeroportlarida xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borildi. Fuqaro D.A. tomonidan yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplandi.

Hozirda mazkur jinoyat ishi tugatilib, sudga yuborilish choralari ko‘rilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top