20:35 / 12.12.2019
0
8734

Bosh prokuratura yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda 

Foto: Bosh prokuratura

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 20 apreldagi PF–5421-son Farmoniga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha 2019 yil 1 mayga qadar tashkil etilgan umumdavlat aksiyasi doirasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joylarga egalik huquqini e'tirof etish haqida Davlat xizmatlari markazlariga 932 748 ta murojaat kelib tushgan, deb yozadi Bosh prokuratura matbuot xizmati. Ularning 574 213 tasi qanoatlantirilgan. 

Shuningdek, turar joyi aholi punktlarining bosh rejalari loyihalariga to‘g‘ri kelmaganligi, shaharsozlik normalariga rioya etilmagan holda qurilganligi, ular tabiiy xavfi yuqori bo‘lgan hududda joylashganligi va boshqa shaxslarning huquqlarini buzganligi sababli 179 824 tasi rad etilgan. 

Qolgan 178 711 ta murojaatni ko‘rib chiqish davom etmoqda.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish mamlakatning iqtisodiy barqarorligini ta'minlashning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligini inobatga olib, bunday toifadagi yerlarni talon-taroj qilish holatlarining oldini olish maqsadida 2019 yil 4 martda tegishli qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi.

Sohada amalga oshirilgan chora-tadbirlar, yaratilayotgan qulay shart-sharoitlarga, shuningdek yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olishga doir javobgarlik kuchaytirilganligiga qaramasdan ushbu toifadagi huquqbuzarliklar soni oshib bormoqda.

Masalan, Bosh prokuratura tomonidan Toshkent viloyatida yerdan foydalanishga oid qonunlar ijrosi o‘rganilganda, 2019 yilning dekabr oyida 9 169 ta holatda 1 203 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallanganligi, 3 753 ta holatda 364 gektar yer maydonida o‘zboshimchalik bilan qurilish qilinganligi aniqlandi.

Bunday salbiy holatlar respublikaning boshqa hududlarida ham kuzatilmoqda. 

Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida Bosh prokuratura tomonidan sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish choralari ko‘rilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top