23:32 / 12.12.2019
0
22334
Davlat xizmatlari agentligi tizimida ishlovchilar qancha oylik olishi ma'lum qilindi
Xalilillo To‘raxo‘jayev

Davlat xizmatlari agentligi tizimi xodimlari 3 million so‘mdan 8 mln so‘mgacha oylik oladi. Bu haqda agentlik rahbari Xalilillo To‘raxo‘jayev 12 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

«Agentligimiz Adliya vazirligi huzurida bo‘lgani sababli vazirlik xodimlariga belgilangan ustamalar bizga ham tatbiq etiladi. Ammo vazirlikdan farqli ravishda biz o‘zimizni o‘zimiz to‘liq ta'minlaymiz.

Mana, shu kunlarda 2020 yil uchun davlat budjeti tasdiqlandi. Adliya vazirligi uchun budjetdan 130,3 mlrd so‘m ajratilgan. Lekin buning bizga aloqasi yo‘q. Chunki biz budjetdan bir tiyin ham olmaymiz. To‘liq o‘zimizni o‘zimiz moliyalashtiramiz.

Ko‘pchilik davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun to‘lanadigan to‘lov agentlikka to‘liq tushadi deb o‘ylaydi. Masalan, egalik huquqini belgilash uchun yig‘im bor. Yig‘im davlat xizmatlari markazida to‘lanadi. Deylik, bu bir million so‘m. Ko‘pchilik shuning hammasini markazlar oldi deb hisoblaydi. Aslida bu pulning 20 foizigina bizga tegadi. Faoliyatimizning asosiy manbasi – shu», deya Xalilillo To‘raxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan kelib tushadigan mablag‘dan kelib chiqib agentlik tizimidagi xodimlarga ish haqi to‘lanadi. Hozirgi kunda tumanlardagi markazlarda ishlovchi oddiy xodim 3 mln so‘mga yaqin oylik olishi ochiqlandi.

No‘'mon Muhammadiyev

«Agentlik tizimi xodimlari to‘lanadigan ish haqi miqdori respublika miqyosida 3-8 mln so‘mni tashkil etadi. Bu tumanlardagi oddiy xodimdan yuqori turuvchi rahbarlarga to‘lanadigan oylik», deydi Davlat xizmatlari agentligi direktori o‘rinbosari No‘'mon Muhammadiyev. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top