13:29 / 12.12.2019
0
7950
Donor bo‘luvchi yaqin qarindoshlar ro‘yxati kengaytirilishi mumkin - Furqat Sanayev

O‘zbekistonda 2020 yildan transplantatsiya operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat berilgan davlat tibbiyot muassasalari sonini oshirish, shu jumladan, hududlarda ham bu amaliyotni yo‘lga qo‘yish hamda transplantatsiya qilish amaliyotlarida donor bo‘luvchi shaxslarning yaqin qarindoshlari ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritilib, yanada kengaytirilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev o‘z telegram kanalida ma'lum qildi.

«So‘nggi yillarda tibbiy xizmat ko‘rsatishda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalanishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida hududlarda ikki mingdan ziyod jarrohlik operatsiyalari o‘tkazilib, shundan 1100dan ortig‘ini yuqori texnologiyaga asoslangan murakkab amaliyotlarni tashkil qildi.

Shular qatori yurtimizda yangi - transplantatsiya sohasi ham takomillashib bormoqda. So‘nggi ikki yil davomida Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazida 230dan ortiq buyrak, 5ta jigar, Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazida esa 68ta buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari o‘tkazilib, jami 300 nafardan ziyod fuqarolarimizning yuqori texnologik operatsiyalar uchun xorij davlatlariga borishining oldi olindi.

Shuningdek, Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti olimlari jahon tibbiyotining eng ilg‘or yo‘nalishi — o‘zak hujayra transplantatsiyasini o‘zlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishdi. Tabiiyki, bu nafaqat inson a'zolari transplantatsiyasi bo‘yicha fuqarolarning chet elga chiqib ketishining kamayishiga, balki aholining transplantatsiya yordamidan bahramandlik darajasi oshishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, transplantatsiya yordamiga muhtoj bemorlar ro‘yxati ham kengayib bormoqda. Bundan tashqari, so‘nggi ikki yil davomidagi amaliyot shuni ko‘rsatdiki, yaqin qarindoshlarni donor sifatida belgilangan shaxslar cheklangan doirasi ham amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo qilmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, 2020 yilda «Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish tartibi haqida Vaqtinchalik nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, transplantatsiya operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat berilgan davlat tibbiyot muassasalari sonini oshirish, shu jumladan, hududlarda ham bu amaliyotni yo‘lga qo‘yish hamda transplantatsiya qilish amaliyotlarida donor bo‘luvchi shaxslarning yaqin qarindoshlari ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritilib, yanada kengaytirilishi ko‘zda tutilmoqda. Ya'ni bemorning ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi darajali qarindoshlari ham donor bo‘lishi mumkin», deyiladi xabarda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top