21:13 / 12.12.2019
0
5632
«Korrupsiyaga moyilligi sezilgan 113 xodim ishdan bo‘shatilgan» – Davlat xizmatlari agentligi rahbari

Davlat xizmatlari agentligi tizimida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, xodimlar tomonidan muomala madaniyatiga qat'iy rioya etilishini ta'minlash maqsadida 2019 yilda 2162ta «Sirli mijoz» tadbiri o‘tkazilgan.

Buning natijasida 1486 nafar xodim tegishli tartibda ogohlantirilib, 284 nafariga nisbatan «hayfsan», 134 nafariga jarima qo‘llangan, 113 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Bu haqda agentlik rahbari Xalilillo To‘raxo‘jayev 12 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

«Muomala madaniyati yo‘q, fuqarolarga qo‘pollik qilgan yoki harakatlarida qandaydir korrupsion elementlar kuzatilgan, aholiga xizmat ko‘rsatish chog‘ida nimagadir sha'ma qilgan 113 nafar xodim kelajakda korrupsion holatlar kuzatilishining olidini olish maqsadida ishdan bo‘shatildi. Tizimdagilarning hammasini oppoq deb bo‘lmaydi. Biz ularni tiyib turish uchun turli usullardan foydalanib kelyapmiz. Shunchalik sharoitlarga ega joyda ishlayapti, ko‘chada ketmon chopmayapti, yaxshi oylik olayapti. Xalqqa xizmat qilishdan afzal ish bormi?! Odamlarning ko‘zidagi mamnuniyatni ko‘radigan, sidqidildan aytilgan rahmatini eshitadigan joyda o‘tirib, tamagirlik qiladigan kimsalarga oramizda o‘rin yo‘q», deya Xalilillo To‘raxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, 2018 yilda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda murojaatchilarga xizmat ko‘rsatishning 8ta tamoyili tasdiqlangan bo‘lib, ularga rioya qilmagan xodimlar agentlikning ichki mehnat tartibi qoidalariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

«Bizda ikki xil nazorat qilish mexanizmi bor. Birinchisini aytdik, «Sirli mijoz» tadbirida o‘zimiz yoki boshqa mijozlar, jamoatchilik orqali xodimlarimizning xatti-harakatlarini kuzatamiz, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida tamagirlik, qo‘pollik va mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilmasligini o‘rganamiz. Ikkinchi mexanizm bu hududlardagi davlat xizmatlari markazlari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, maxsus bo‘limlarimizda videokuzatuv moslamalari orqali xodimlar fuqarolar bilan qanday muomala qilayotgani, nimalarni gaplashayotganini kuzatib o‘tirishadi. Videokuzatuv orqali harakatlarida korrupsiyaga moyillik sezilgan xodimlar ishdan olingan holatlar ham bo‘ldi», deydi Davlat xizmatlari agentligi direktori o‘rinbosari No‘'mon Muhammadiyev. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top