23:39 / 12.12.2019
0
5183
Xitoyning ikki shahridan O‘zbekistonga muntazam reyslar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda 

11 dekabr kuni Xitoyning Sian shahrida O‘zbekistonning turistik salohiyati taqdimoti va B2B uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek Xitoyning LoongAir aviakompaniyasi prezidenti Lyu I hamda turistik biznes vakillari ishtirok etishdi.

Abdulaziz Aqqulov tadbirni ochib berar ekan, LoongAir aviakompaniyasiga ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi sa'y-harakatlari uchun alohida minnatdorchilik bildirdi hamda 2020 yilning 1 yanvaridan Xitoy fuqarolari uchun vizasiz rejim e'lon qilinishini, bu O‘zbekistonga yangi reyslarni yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlikni kengaytirish uchun xizmat qilishini ta'kidlab o‘tdi. 

LoongAir kompaniyasi prezidenti Lyu I, o‘z o‘rnida, O‘zbekistonning turistik salohiyati yuqori ekanini ta'kidlagan holda, tez orada XXRning Chendu va Xenchjou shaharlaridan O‘zbekistonga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani qayd etdi.

“2020 yilning 1 yanvaridan Xitoy fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirish bo‘yicha vizasiz rejim yo‘lga qo‘yilishini inobatga oladigan bo‘lsak, kelgusida Xitoyning Chendu va Xenchjou shaharlaridan muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘ladi”, deya izoh berdi Lyu I.

Shundan so‘ng O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga doir taqdimot o‘tkazildi. Unda so‘nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilgan qator islohotlar natijasida erishilgan yutuqlar, O‘zbekiston turizmi bo‘yicha xitoylik sayyohlarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlar bilan bo‘lishildi. 2020 yildan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi reyslar soni 9 tadan 15 taga yetkazilishi ma'lum qilindi.

Bundan tashqari, taqdimot davomida O‘zbekistonning qo‘hna shaharlari - Samarqand, Toshkent, Buxoro, Xiva va Shahrisabzga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, o‘zbek milliy qo‘shiqlari va jozibador raqslari tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.

Shundan keyin O‘zbekistondan tashrif buyurgan turistik tashkilotlar hamda Sian shahri turistik biznes vakillari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazilib, ikki davlat o‘rtasidagi turistik oqimni oshirishga yo‘naltirilgan hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga kelishib olindi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top