10:10 / 12.12.2019
20
26168

YeOII: Integratsiya sari «toshli yo‘l»

Foto: eurasiancommission.org

Rossiya Federatsiyalar Kengashi spikeri Valentina Matviyenko oktabr oyida Toshkentga qilgan safari mobaynida (hali prezident bilan uchrashmasdan turib) O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a'zo bo‘lmoqchiligini so‘z o‘yinlari bilan (ataydan yoki shoshilib) aytib yuborgan edi. Bu «aytib yuborish» kunlik suhbatlarda oddiy gap bo‘lsa-da, siyosatda ochiq oydin «O‘zbekiston, qani endi a'zo bo‘lishni tezlat!» deganday bosim bo‘lganini ba'zi ekspertlar aytib o‘tishdi.

Aslida, bu kabi bosimlar yoki moddiy rag‘batlantirishlar allaqachon a'zo bo‘lgan davlatlarni ham chetlab o‘tmagan ko‘rinadi. «A'zo davlatlarning YeOIIga a'zo bo‘lish to‘g‘risidagi qarorlariga Moskvadan majburlash va pora aralashuvi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin», – deyilgan «Yevropa Parlamentining Tadqiqot Xizmati» hisobotida (2017).

Masalan, Qirg‘iziston uchun 1 milliard AQSh dollari miqdoridagi Rossiya-Qirg‘iziston rivojlanish jamg‘armasi va 300 million AQSh dollari miqdoridagi qarzni kechish ittifoqqa qo‘shilish bitimining bir qismi bo‘lgan. Armanistonga esa Rossiya gaziga 30 foiz chegirma berilgan. Undan tashqari, Armanistonning qo‘shni Ozarboyjon va Turkiya bilan munosabatlarini hisobga olgan holda, Rossiyaning Yerevanni harbiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlashi hal qiluvchi omil bo‘lgani haqida taxmin qilish mumkin. Belarusga kelsak, bu davlat o‘z iqtisodini rivojlantirish uchun Rossiyaning neft va gaziga, shuningdek, Yevrosiyo taraqqiyot bankining 2 milliard dollarlik qarziga tayanadi.

Bundan tashqari, a'zo davlatlarning juda ko‘p fuqarolari Rossiyada ishlashi hisobga olinsa, Kremlning bu davlatlarga muhojirlar haqida «bir og‘iz eslatib qo‘yishi» ham qo‘shimcha «rag‘bat» bo‘lgan, albatta. Chunki, masalan, Qirg‘iziston YaIMning 32,2 foizi migrantlar hisobiga to‘g‘ri keladi (2017 yilgi ma'lumot). Bu ko‘rsatkich Tojikistonda 40 foiz va O‘zbekistonda 15 foiz atrofida. Hatto, ba'zi manbalarda rus muzokarachilari qirg‘izlarga ittifoqqa a'zo bo‘lmaslik Rossiyadagi qirg‘iz muhojirlari uchun cheklovlarga sabab bo‘lishini ochiq aytishgan ekan (Aslund 2013). Pul o‘tkazmalari hajmi Qirg‘iziston yalpi ichki mahsulotining uchdan bir ulushi sifatida hisobga olinsa, bu Qirg‘iziston hukumatining nozik tomoni bo‘lgan (Putz 2015).

Aksincha, YeOII o‘rniga Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyani tanlagan Ukraina, Gruziya va Moldova kabilar jazo choralariga duch kelmoqda: 2013 yil dekabr oyida Rossiyaning 15 milliard dollarlik Ukraina davlat obligatsiyalarini sotib olish haqidagi taklifiga qaramay, YeOII a'zoligini rad etgan Ukrainaning ahvoliga guvoh bo‘ldik. Gruziya va Moldova tovarlariga esa embargo e'lon qilingan.

Rossiya bunday taktikadan foydalanishi AQShning sobiq davlat kotibi Hillari Klinton aytganidek, YeOII avvalambor sobiq sovet respublikalarini Moskva orbitasida ushlab turish va G‘arb ta'sirini kamaytirish uchun mo‘ljallangan geosiyosiy loyihadir. YeOIIning geosiyosiy ahamiyati Putinning 2011 yildagi bayonotida tasdiqlangan edi. Unda sovet ittifoqini tiklash bo‘yicha har qanday niyatni rad etgan bo‘lsa-da, YeOIIni «zamonaviy dunyo qutb»laridan biriga aylantirishni maqsad qilgan edi. Bu fikr uning tashqi siyosatdagi ambitsiyasi bilan bog‘liq bo‘lib, uning fikricha, AQSh hukmronlik qiladigan birlamchi global tartibni Rossiyaga G‘arb bilan teng huquqli sherik sifatida olish imkonini berishi kerak edi. Ya'ni Putin ham o‘zi hukmronlik qila oladigan o‘z «zonasi» bo‘lishini istagan edi.

Bundan xulosa qilish mumkinki, qaror beruvchi O‘zbekiston hukumatidan YeOIIga a'zolik haqida hech qanday bayonot chiqmasdan turib, Kremldan O‘zbekistonning YeOIIga a'zo bo‘lishi haqidagi ba'zi xabarlar tarqatib turilishi hali ittifoqqa a'zo bo‘lish qarori qabul qilinmasidan oldin boshlab yuborilgan «shoshqaloqlik»dir. O‘ylaymanki, O‘zbekiston hukumati bu borada kuchli siyosiy irodani namoyish etib, milliy suverenitetlik tamoyillari bilan ish tutadi.

«Yevropa Parlamentining Tadqiqot Xizmati»ning «YeOII: Integratsiya sari «toshli yo‘l» hisobotiga tayanib tayyorlandi.

Valijon Turakulov

Inha Universiteti, Xalqaro Savdo yo‘nalishi PhD nomzodi

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top